15 yoshga to‘lmagan bolalar ishlashi mumkinmi?
Zamonaviy mehnat bozorida bolalar mehnatidan foydalanish masalasi nafaqat iqtisodiy, balki jiddiy huquqiy va ijtimoiy mavzulardan biridir. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra, rasmiy ishga joylashish yoshi 16 yosh etib belgilangan bo‘lsa-da, qonunchilikda muayyan istisnolar mavjud.
Xo‘sh, 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ishlashiga qaysi holatlarda ruxsat beriladi? Ular qanday sohalarda qonuniy faoliyat yurita olishadi va ish beruvchilar bu jarayonda qanday majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishlari shart?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Ha, 15 yoshga to‘lmagan bolalar O‘zbekistonda qonuniy ravishda ishlashi mumkin, biroq faqat qat’iy belgilangan sohalarda va maxsus shartlar asosida. Mehnat kodeksi va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan bolalarni doimiy yoki og‘ir ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Ishga qabul qilish yoshi — 16 yosh hisoblanadi, aslida.
15 yoshga to‘lmagan shaxslar esa ota-ona (yoki vasiy) roziligiga ko‘ra, sog‘lig‘iga va o‘qishiga zarar yetkazmaydigan yengil ishlarda ishlashi mumkin.
Jumladan, sport, madaniyat va san’at sohasidagi teatr, kino, konsert, moda yoki reklama loyihalarida, axborot va ijodiy faoliyatda rasm chizish, dizayn, raqamli kontent yaratish, bolalar blogi, tanlov va ijodiy loyihalarda ishlashi mumkin. Shuningdek, bunda ish vaqti cheklovlari ham mavjud. 15–16 yoshda haftasiga 24 soatgacha, agar bola o‘qiyotgan bo‘lsa haftasiga 12 soatgacha ishlashi mumkin.
Bolani ishga qabul qilishda quyidagi hujjatlar va talablar so‘raladi. Xususan, ota-ona roziligi: ota-onasidan birining (yoki vasiysining) yozma roziligi va mehnat shartnomasini ular imzolashi shart. Vasiylik organi ruxsatida vasiylik va homiylik organining rasmiy ruxsatnomasi bo‘lishi kerak. Sog‘liq va ta’limga zarar yetmasligi: ish bolaning sog‘lig‘iga, ma’naviy kamolotiga ziyon yetkazmasligi hamda maktabdagi o‘qish jarayoniga xalaqit bermasligi zarur.
Shuningdek, ishga kirishdan oldin bola albatta majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim. Bolalarni doimiy, og‘ir, zararli yoki tungi ishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlanadi. Ish faqat darsdan keyin yoki ta’til paytida amalga oshirilishi lozim.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA