40 ming dollarlik grant ikat hunarmandchiligini saqlashga jalb etiladi
“Hunarmand” uyushmasi "The ALIPH–EU Central Asia Call for Projects" tanlovida “Ikat Connection” loyihasi bilan 40 ming dollarlik grant g‘olibi bo‘lgan edi.
Shunga ko‘ra, “Hunarmand” uyushmasi hamda loyiha ekspertlari ishtirokida onlayn yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida loyihani amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi hamda mas’ul tomonlarning vazifalari belgilab olindi.

Mazkur loyiha doirasida milliy madaniy merosni asrash, nomoddiy madaniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga yetkazish hamda hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan mazkur loyiha orqali Markaziy Osiyoda an’anaviy ikat hunarmandchiligini saqlash, tiklash va zamonaviy rivojlanish bilan uyg‘unlashtirish maqsad qilingan.
“Ikat Connection” loyihasi doirasida tarixiy manbalar va muzey kolleksiyalarini o‘rganish, ustalar va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, an’anaviy ikat to‘qish usullarini hujjatlashtirish hamda yosh avlodga bilim va ko‘nikmalarni yetkazish ishlari rejalashtirilgan.
Ayni paytda loyiha doirasida tashkiliy jarayonlar boshlandi hamda xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Mutaxassislar jalb qilinib, hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA