26 nafar xotin-qiz ishli boʻldi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida “Shumanay Shamenoy” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida “Shumanay Shamenoy” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Yosh tadbirkor Shahribonu Yusupboyeva kasb-hunar kollejida oʻqib yurgan kezlarida tikuvchilik va sartaroshlikka qiziqdi. Oliy taʼlim muassasasiga kirishda omadi chopmagach, tumandagi tikuvchilik sexi va goʻzallik salonida mehnat qildi. Mamlakatimizda yosh tadbirkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalangan holda mustaqil tadbirkorlik bilan shugʻullanishga ahd qildi. Ammo, faoliyatini boshlash uchun boshlangʻich sarmoya topolmay ancha qiynaldi.
Ushbu masala yuzasidan tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga murojaat etdi. “Izlagan imkon topadi” deganidek, yosh tadbirkorning orzusi ushaldi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan uch yil muddatga foizsiz 200 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi va “Shumanay Shamenoy” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga asos solindi.
Bu yerda asosan toʻy liboslari doʻkoni, goʻzallik saloni, tikuvchilik va qandolat mahsulotlari sexi faoliyat olib boradi. Natijada hozirgi karantin paytida uyda ishsiz qolgan 26 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlandi.
Korxonaning ochilish marosimida taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashish, tadbirkorlik yoʻlini tanlagan xotin-qizlarga har tomonlama yordam berish, uyda ishsiz oʻtirgan opa-singillarning bandligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, pandemiya davrida tadbirkorlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan qaror va farmonlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Bugungi kunda tadbirkorlik bilan shugʻullanaman degan kishiga yurtimizda barcha imkoniyat mavjud, – deydi yosh tadbirkor Shahribonu Yusupboyeva. – Maqsadim, tumanimizdagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshishdir.
Taʼkidlash joizki, Shahribonu faqatgina tadbirkorlik bilan shugʻullanib qolmay, jamoatchilik ishlarida ham faol. Oʻtgan yillar davomida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Ayollar qanoti” tomonidan oʻtkazilayotgan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasida, “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining tuman va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichlarida munosib ishtirok etib kelmoqda.