24 nafar bitiruvchi IELTS va SAT sertifikatlari sohibi
Navoiy shahridagi Prezident maktabida 2025-2026 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan “Bitiruvchilar oqshomi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, ularning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirish hamda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini berayotganini Prezident maktablari bitiruvchilarining yutuqlarida yaqqol ko‘rish mumkin, – deydi Prezident maktabi direktori Jo‘rabek Aslonov. – Maktabimiz o‘quvchilarining xalqaro grantlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabullar va xalqaro olimpiadalardagi yuqori natijalari davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlarning amaliy ifodasidir. Ayniqsa, bitiruvchilarimizning xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishi, xorijiy universitetlarda tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritayotgani yurtimizda ta’lim sifati yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Bu kabi natijalar yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etishga qaratilgan davlat siyosatining muhim samarasidir.
Albatta, bitiruvchi yoshlarning yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z iqtidorlarini namoyon etishayotgani quvonarlidir. Jumladan, maktab bitiruvchisi Jasminabonu Erkinova AQSHdagi nufuzli American University of Beirut oliy ta’lim muassasasiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi. Bektosh Ro‘ziqulovning “Magnitli sirkul” va “Biosintetik polimer yaratish” loyihalari xalqaro tanlovda g‘olib deb topilib, 95 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yana 7 nafar bitiruvchi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini qo‘lga kiritib, dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Maktab bitiruvchilarining barchasi, ya’ni 24 nafari ham IELTS va SAT xalqaro sertifikatlariga ega bo‘ldi. Ularning IELTS bo‘yicha o‘rtacha natijasi 7,3 ballni, SAT bo‘yicha esa 1510 ballni tashkil etgani ta’lim sifati yuqori darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
2025-2026 o‘quv yilida 7 nafar o‘quvchi xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, jami 14 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Prezident maktablari faoliyati, ta’lim sohasidagi zamonaviy yondashuvlar va yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim samarasi bo‘lib, kelajakda Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli va raqobatbardosh kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA