2026-yilning eng kuchli pasportlari ma’lum bo‘ldi
Dunyo davlatlari pasportlarining xalqaro reytingi hisoblangan “Henley Passport Index”ning joriy yilgi natijalari e’lon qilindi. Ushbu baholash fuqarolar oldindan viza rasmiylashtirmasdan necha mamlakatga borishi mumkinligiga qarab shakllantiriladi va Xalqaro havo transporti uyushmasi (IATA) ma’lumotlariga asoslanadi. Bu yil ham Singapur birinchi pog‘onani saqlab qolib, uning fuqarolari 192 ta davlat va hududga erkin safar qilish imkoniga ega ekani qayd etildi.
Ikkinchi o‘rinni Yaponiya, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari egalladi. Ushbu mamlakatlar fuqarolari 188 ta davlat va hududga vizasiz kirishi mumkin. Keyingi pog‘onadan Shvetsiya joy oldi. Undan keyingi o‘rinlarda Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya va Ispaniya qayd etildi. Avstriya, Gretsiya, Malta, Portugaliya hamda Shveysariya esa birinchi beshlikni yakunladi.
Reyting natijalari Yevropa davlatlarining xalqaro safar imkoniyatlari hali ham juda yuqori ekanini ko‘rsatdi. Kuchli o‘ntalikdan 29 ta Yevropa mamlakati o‘rin oldi. Biroq barcha o‘lkalar bir xil ko‘rsatkichga ega emas. Masalan, Belarus fuqarolari 78 ta, Kosovo fuqarolari esa 83 ta davlatga vizasiz borishi mumkin. Shu bilan birga, Kosovo keyingi o‘n yil davomida eng tez o‘sish qayd etgan mamlakatlardan biri bo‘lib, 2016-yildan beri 35 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.
So‘nggi yigirma yilda eng katta sakrashni BAA amalga oshirdi. Mamlakat bu davrda 60 pog‘ona yuqorilab, bugun ikkinchi o‘ringacha yetdi. AQSH esa 180 ta davlatga vizasiz kirish huquqi bilan o‘ninchi o‘rinni saqlab qoldi. Reyting mualliflari ta’kidlashicha, kuchli pasport bugungi kunda faqat safar erkinligini emas, balki davlatning iqtisodiy qudrati, xalqaro nufuzi va siyosiy barqarorligini ham aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichga aylanib bormoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA