1000 ta yangi talaba o‘rni yaratildi
Yurtimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, yoshlar uchun zamonaviy va munosib ta’lim muhitini yaratish ustuvor vazifaga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar, ayniqsa, hududlarda yaratilayotgan yangi imkoniyatlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalarida 7100 ta yangi talaba o‘rni foydalanishga topshirildi. Bu ta’lim infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan ishlar tizimli tus olganini ko‘rsatadi.
E’tiborli jihati, Jizzax viloyati ham mazkur jarayonda faol ishtirok etmoqda. Hududda 1000 ta yangi talaba o‘rni yaratilgani yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish, ular uchun munosib sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu o‘z navbatida ta’lim sifati va imkoniyatlari tobora yuksalayotganining amaliy ko‘rsatkichidir.
So‘nggi yillarda viloyatda oliy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi o‘quv binolari barpo etilmoqda, talabalar turar joylari qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda. Natijada ta’lim olish sharoitlari zamonaviy talablar asosida bosqichma-bosqich takomillashmoqda.
Bu ishlar Prezidentimizning 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosining amaliy ifodasidir. Unga muvofiq, qamrovni kengaytirish, infratuzilmani mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat Jizzax yoshlari, balki qo‘shni hududlardan kelib, tahsil olayotgan talabalar uchun ham qulay muhit yaratib, hududning ta’lim salohiyatini yanada mustahkamlamoqda.
Mutaxassislar fikricha, talabalar o‘rinlari sonining ortishi kelgusida malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va raqobatbardosh inson kapitalini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri