Zulfiyachi qiz kitobxonlikdan saboq bermoqda
Kamola Musurmonova joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
Kamola Musurmonova joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Maqsadli bu qiz ushbu mukofot uchun tanlovga oʻn yil davomida hujjat topshirgan. Kamolani ilk bor “Kitobxon oila” tanlovida koʻrgandim. Oʻshanda ularning oilasi viloyatda birinchi oʻrinni egallab, bosh sovrin – avtomashina bilan taqdirlangan edi.
Toʻgʻrisi, oʻsha tanlovda Musurmonovlar oilasidagi bu qizning iqtidoriga nafaqat tomoshabinlar, balki raqib ishtirokchilar ham tan berib, qoyil qolgan edi. Kamolaning zukkoligi, oʻqigan asarlarini shunchaki bayon emas, tahlil qilib berishi, har bir obrazga toʻxtalib oʻtishi, klassik shoirlarning hatto sanab ham boʻlmaydigan darajadagi gʻazallarini yoddan aytishi har qanday kishining hayrat va havasini keltirgan edi.
Shunday iqtidorli qizning mukofot ilinjida yillar davomida hujjat topshirganidan avvaliga biroz ajablandim. Ammo u bilan suhbatlashganim sayin, oʻn yildan beri mukofot uchun ariza topshirayotgan qiz oʻzi oʻqigan badiiy asarlari qahramonlari kabi oʻjar, maqsadli, ogʻir-bosiq, tanlagan sohasining haqiqiy shaydosi ekanligini angladim. Aslida uning maqsad sari intilishi kitob oʻqishidan ham avval paydo boʻlgan, toʻgʻrirogʻi shakllantirilgan. Bu uning oilasidagi turmush tarziga borib taqaladi.
– Bolaligimizda otam bizga har hafta bitta ertak oʻqib berib, keyin bizdan mazmunini aytishimizni talab qilar edi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Samarqand davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti magistranti Kamola Musurmonova. – Biz bu talabni majburlikdan emas, balki qiziqib, qani, kim chiroyliroq aytib berarkin, deya “imtihon” kunini kutib bajarardik. Buning evaziga dadam bizni har uch oyda bir marta shahar aylantirishga olib borar va albatta, kitob doʻkoniga kirib, kitob tanlashimizga imkon berardi. Ehtimol, shaharda yashayotgan bolalar uchun bunday sayohat zavqli boʻlmagandir, ammo Qoʻshrabot tuman markazidan ham avtomobilda naqd bir soatlik masofa uzoqlikdagi qishloqda yashaydigan biz, bolalar shahardan, kitob doʻkonidagi xaridlarimizdan bir olam taassurot bilan qaytardik. Otam veterinar, onam fizika fani oʻqituvchisi boʻlsalar-da, adabiyotga mehrlari boʻlakcha. Otam dostonlarni xuddi baxshilarday kuylab berar, biz esa barchamiz oila davrasida maroq bilan tinglardik. Adabiyotga shu tariqa mehrim tushgan. Keyin boshlangʻich sinf ustozim “qizingiz sheʼr yozar ekan, uni rivojlantirish kerak”, deb aytgan tavsiyasidan soʻng otam tuman markazidagi 82-umumtaʼlim maktabiga olib bordi. Bolalik tasavvurim bilan tuman markazidagi bu maktabda Qoʻshrabotning olis, Pangat qishlogʻidan kelgan qizaloq qanday oʻqiydi, eng kuchli, bilimli bolalar jamlangan boʻlsa kerak, degan xayollarda oʻz qobigʻimga oʻralib qoldim bir muddat. Sinfdoshlarim bilan kirishib ketishimga ham ana shu tasavvurlarim xalaqit qilardi.
Bir kuni maktabdagi ona tili va adabiyot oʻqituvchimiz darsdagi javobimni barchaga oʻrnak qilib koʻrsatgach sinfdagi hayotim oʻzgardi, aniqrogʻi oʻzimga nisbatan ishonch uygʻondi. Toʻgʻrisini aytsam, shu ustozimning ishonchi hanuzgacha menga dalda boʻlib turadi. Maktabda taʼlim haqiqatan ham juda zoʻr yoʻlga qoʻyilgandi. Har oyda sinflararo u yoki bu fan doirasida bellashuvlar, sheʼrxonlik, gʻazalxonliklar, aniq bilimlar yuzasidan viktorinalar boʻlib turardi. Tabiiyki, har bir sinf bu bellashuvlarda gʻolib chiqishga harakat qildi, jiddiy tayyorgarliklar koʻrardi. Koʻplab sheʼr, gʻazallarni yod bilishim shu bellashuvlar natijasi boʻlsa kerak.
Kamola bilan kitoblar, unga mehr qoʻyish haqida soatlab suhbat qurish mumkin. Oilasidagi kitobxonlik muhiti, ilmiy faoliyati yoʻlidagi izlanishlari haqida kamgap qiz joʻshib gapiradi. Ammo yutuqlari haqidagi faktlarni undan olish juda qiyin. Bilganimiz – oʻzbek filologiyasi fakultetining magistranti, Fransiya, Polsha, Germaniya, Serbiya davlatlarida ilmiy maqolalari chop etilgan, Turkiyada oʻtkazilgan konferensiyada ishtirok etib, “Maktab darsliklarida vatan konsepti va taʼlimi hamda tahlili” mavzusida chiqish qilgan. Ingliz tilini mukammal biladi.
Ayni karantin kunlarida ham Kamola bekor oʻtirgani yoʻq. Uning muvaffaqiyatlari qoʻshrabotlik yoshlarning kitobga qiziqishini oʻn karra oshirib, undan maslahat soʻrab murojaat qiluvchilar koʻpaygan. Uyidagi yuzlab kitoblardan tashqari 1,5 mingta adabiyotni jamlagan elektron kutubxonasidan qoʻshrabotlik yoshlar unumli foydalanmoqda. Ularga onlayn tarzda kitoblarni ulashish bilan bir qatorda kitobni oʻqish boʻyicha tavsiyalar bermoqda.
Gulruh MOʻMINOVA