“Zukko metallurglar” jamoasi g‘olib bo‘ldi
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti tashabbusi bilan metallurgiya ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida "Zukko metallurglar" tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 8 nafar ishtirokchidan iborat 4 ta guruh Metallurgik zavodlarning mexanik dastgohlari fanidan o‘zaro bellashdi. Tanlovda jamoalar metallurgik pechlarning 3D ko‘rinishi orqali texnologik jarayonlar haqida ma’lumot berishlari, metallurgik dastgoh va ularning ishlash texnologiyasi hamda umumiy metallurgiya yo‘nalishi, zamonaviy metallurgik dastgohlarning loyihalanishi yuzasidan bilimlarini ko‘rsata olishlari lozim edi.

Shunga ko‘ra, talabalar maxsus fan bo‘yicha egallagan bilimlarini to‘liq namoyon etishga harakat qildi. Jamoaviy birdamlik va kuchli bilim bilan “Zukko metallurglar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tanlov so‘ngida barcha guruhlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maxsus mutaxassislik fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan mazkur bilimlar bellashuvi talabalarning fanni chuqur o‘zlashtirishida hamda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida katta ahamiyatga ega.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA