Zo‘ravonlikka qarshi faol 16 kun (+video)
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25 noyabr kunidan 10 dekabrgacha Toshkentda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kampaniyasi boshlandi.
Shu munosabat bilan Poytaxtimizning Sergeli tumanida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorlikda “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda hududdagi 50 nafar nizoli va yarashib ketgan oilalarning a’zolari taklif etildi. Shuningdek, tadbirda kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muxtoj xotin-qizlar ham ishtirok etdi.
Maqsad oilaviy zo‘ravonlikka qarshi birlashib harakat qilish, nizoli oilalarning muammolarini o‘rganib, ularning farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shish, oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish, nizoli oilalarni yarashtirishdan iboratdir.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan rolik namoyish etildi.
Uchrashuv davomida ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari, taniqli san’atkorlar so‘zga chiqib, barchani zo‘ravonlikni oldini olishga va jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlik qilishga, xotin-qizlarni bu borada faol bo‘lishga chorlashdi.
Shu kuni mahallada avval nizoli bo‘lgan keyinchalik yarashib ketgan, namunali oilalar safidan joy olgan ayollar va bu borada sog‘lom muhit yaratishga hissa qo‘shgan xotin-qizlar faollari rag‘batlantirildi.
San’atkorlar ijrosidagi jonli qo‘shiq va raqslar fayzli tadbirga yakun yasadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sAbVwUfHstw" title="Zoʻravonlikka qarshi faol 16 kun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Anvar Ahmedov, O‘zA