Zominda yangi ziyo maskani foydalanishga topshirildi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan yirik ma’naviy-ma’rifiy maskan – “Shohruh kutubxonasi” foydalanishga topshirildi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan ushbu kutubxona bir vaqtning o‘zida 100 nafardan ziyod kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, uning fondida 50 mingdan ortiq badiiy asar va ilmiy qo‘llanma jamlangan.
Kutubxona ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda mamlakatimiz siyosat, ilm-fan, adabiyot va san’at namoyandalari, viloyat faollari, ziyolilar hamda keng kitobxonlar jamoatchiligi ishtirok etdi. Tadbirni “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, senator Husan Ermatov olib bordi.
Anjumanda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid hamda boshqa jamoat arboblari so‘zga chiqib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholining intellektual salohiyatini oshirish va yoshlarni mutolaaga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatga muvofiq, axborot-kutubxona muassasalarini raqamlashtirish, milliy elektron resurslarni kengaytirish, aholiga zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlarini taqdim etish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli vazifalar belgilab berildi.
[gallery-30477]
Zominda foydalanishga topshirilgan “Shohruh kutubxonasi” mazkur qarorda belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi sifatida e’tiborga loyiq. Zamonaviy infratuzilma, raqamli texnologiyalar va keng axborot imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu maskan kitobxonlarga nafaqat an’anaviy, balki elektron xizmatlarni ham taqdim etadi.
Tadbirda so‘z olgan senator Qudratilla Rafiqovning ta’kidlashicha, mazkur kutubxona bundan 10 yil muqaddam mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etila boshlangan ezgu g‘oyaning mantiqiy davomi hisoblanadi.
— Men Zominda tug‘ilmaganman. Biroq mehnat faoliyatimning eng sermazmun yillari shu zamin bilan bog‘liq. Shu bois o‘zimni zominlik deb bilishdan hamisha faxrlanaman. Bugungi kunda ushbu kutubxonaning xalq xizmatiga topshirilishi men uchun ham alohida quvonch, — dedi Qudratilla Rafiqov.
Shundan so‘ng ramziy alvon bog‘ich kesilib, ishtirokchilar kutubxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Muassasaning yana bir muhim jihati — uning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining elektron fondi bilan integratsiya qilinganidir. Bu esa kitobxonlarga 200 mingga yaqin badiiy va ilmiy adabiyotdan masofadan turib foydalanish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, joriy etilgan ilg‘or axborot texnologiyalari orqali kutubxona resurslaridan elektron portal vositasida dunyoning istalgan nuqtasidan turib foydalanish mumkin. Maskan hududida kitob do‘koni, “Book cafe” va poligrafiya xizmati ham yo‘lga qo‘yilgani esa kitobxonlarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Eng muhimi, “Shohruh kutubxonasi” faqat kitob saqlanadigan muassasa emas, balki yoshlar tafakkurini yuksaltirish, intellektual muhitni mustahkamlash, milliy ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga xizmat qiladigan zamonaviy bilim markaziga aylanmoqda. Bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda kitobxonlik harakatini yanada kengaytirish, aholining ma’naviy kamolotini ta’minlash va Yangi O‘zbekistonning bilimli, yuksak salohiyatli inson kapitalini shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari