Zomin seminari – yosh iste’dodli ijodkorlar maydoni
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin seminarining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari bir necha yillardan buyon iste’dodli yoshlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

Mazkur ma’rifiy loyihaning Toshkent shahar bosqichida yozuvchilar, shoirlar, tarjimonlar badiiy adabiyotning she’riyat, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima, adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘’balarga bo‘lingan holda yoshlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqdilar.
Seminarning ochilishida mamlakatimizda yoshlar ijodini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash,ularning ijod namunalarini xalqimizga yaqindan tanishtirish, shu maqsadda ijodiy ishlarini kitob holida chop etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Aytish joizki, seminarning viloyat bosqichlari ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning may, iyun oylarida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilarning asarlarini saralash va ular uchun mahorat saboqlarini tashkil etish maqsadida 60 ga yaqin taniqli ijodkorlar, adabiyotshunos olimlardan iborat ishchi guruhi tashkil etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari rahbarlari qatnashdi.
Bu yilgi Zomin seminariga qiziquvchilarning safi yanada kengaydi. Yurtimiz bo‘yicha mazkur seminarda ishtirok etish uchun mingga yaqin yosh ijodkordan arizalar kelib tushdi. Asarlari eng yaxshi deb topilgan 275 nafar ijodkor hududiy bosqichlarda ishtirok etdi.

Seminarning Toshkent shahar bosqichida 13 nafar yosh o‘z ijodiy iste’dodini namoyish etdi. Yozuvchi va shoirlardan iborat hakamlar hay’ati esa ularning ijodiy mashqlarini ko‘rib chiqdi. Luqmon Bo‘rixon, Salim Ashur, Hosiyat Rustamova, Orif To‘xtash, Dilfuza Qarshiboyeva kabi qator ustoz ijodkorlar yosh qalamkashlarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Zomin seminarining bu yilgi jarayonida ham yosh iste’dod egalarini kashf etish, ularning badiiy qobiliyatini yanada rivojlantirish kabi jihatlarga katta e’tibor qaratildi. Seminar yosh ijodkorlarning barchasida yorqin taassurot qoldirgani va bu kelgusida ijodiy parvozlar uchun ulkan turtki bo‘lgani alohida e’tirof etildi.

N.Usmonova, O‘zA