Ziddiyat norozilik keltirib chiqarmoqda...
Rossiya – Ukraina
AQSH ma’muriyati Ukraina masalasida tinchlik shartnomasi haqida gap ketganda, Kiyevning qarashi to‘la aks etmagan hech qanday taklif qabul qilinmaydi, deb hisoblaydi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Xitoy Rossiyaga “qo‘shimcha bosim o‘tkazish yo‘li bilan” tinchlik shartnomasini qabul qilishda qo‘maklashishi mumkin. “XXRda Moskvaga ta’sir o‘tkazish imkoni mavjud”, deya qo‘shimcha qilgan mulozim.
AQSH Mudofaa vazirligi Ukraina uchun 27.1 million dollarlik “M1A1 Abrams” tankini sotib olish bo‘yicha Amerikaning “General Dynamics Land Systems” kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tanklar Kiyevga yil oxirigacha yetkazib berilishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, yaqin orada ukrainalik harbiylar uchun mazkur harbiy mashinadan foydalanish bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Yevropa Ittifoqi maxsus dasturi doirasida 16 mingdan ziyod ukrainalik harbiy o‘qishni tugatish arafasida, deya ma’lum qildi YeI Mashg‘ulot o‘tkazish missiyasi qo‘mondoni Erve Blejan
Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining ikkinchi o‘rinbosari Li Do Xun Seul Ukrainaga qo‘shimcha gumanitar yordam karvoni yuborishini ma’lum qildi. Vazirlik matbuot xabarida “Xun Ukrainada gumanitar vaziyat yomonlashayotganidan xavotir bildirganiga urg‘u berilgan”
Chexiya Ukrainaga 32 million dollargacha harbiy yordam ko‘rsatishni rejalayapti. Bu haqda “STK” agentligi mudofaa vaziri Yan Chernoxovga tayanib ma’lum qildi. Xabarda Qurolli kuchlar zaxirasidagi qurol-aslahadan tashqari jangovar piyoda mashinasi va shovqinli samolyot sotib olib, Kiyevga yetkazib berish rejasi ham muhokama qilinayotgani aytilgan.
Gretsiya Ukrainaga “Leopard 2A6” tankini jo‘natmaydi, deya bayonot berdi milliy mudofaa vaziri Nikos Panayotopulos.
“Bugungacha Gretsiya Kiyevga bir necha piyodalar jangovar mashinasi va qurol-aslaha yubordi”, dedi u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bayonotiga ko‘ra, Kiyev va Varshava yangi harbiy paket masalasini kelishib oldi. “Ukrinform” agentligi davlat rahbari gapidan “Polsha bizga qiruvchi “MiG-29” samolyoti, “Rosomak” zirhli transportyor va “Piorun” zenit raketasi majmuasi yetkazib beradi”, ko‘rinishida iqtibos keltirgan.
Avvalroq Polsha o‘zidagi mavjud 28 ta “MiG-29” uchog‘idan to‘rttasini Kiyevga bergan edi. Zelenskiy bilan uchrashgan Polsha Prezidenti Anjey Duda Kiyevga yana to‘rtta shunday samolyot jo‘natish mujdasini berdi.
Polsha qishloq xo‘jaligi vaziri Xenrik Kovalchik fermerlarning Ukrainaga bug‘doy yetkazib berishga qarshi ommaviy noroziligidan keyin ist’foga chiqishini ma’lum qildi. U Yevropa komissiyasining Ukraina g‘allasini bojsiz olib kirishni 2024 yil iyunigacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarori tufayli lavozimini tark etayotganini ta’kidlagan, deb yozdi “Reuters”.
Avvalroq Polsha, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya va Vengriya YeIga kirib kelayotgan bug‘doy, yog‘-moy, tuxum, parranda va shakar singari oziq-ovqat mahsulotlarini cheklashni so‘rab, Yevropa komissiyasiga murojaat qilgan.
Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko va Jahon bankining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Arul Banerji Kiyevga 2.5 milliard dollar grant berish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Abror XON, O‘zA