Ziddiyat davom etar ekan, NATOga yo‘l yo‘q!
Rossiya-Ukraina
AQSH prezidentligiga nomzodini ilgari surgan sobiq vitse-prezident Mayk Pens aytishicha, 11-12 iyulga belgilangan Vilnyus sammitida Ukraina inqirozi tugagach, Kiyev NATOga kirish uchun taklif berishi mumkinligi haqida gap boradi.
“CBS” telekanaliga intervyusida u amerikalik askarlar Ukrainaga jo‘natilishga qarshi chiqishini yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga Ukrainaga harbiy yordam davom etishi lozimligini ham bildirdi.
Belarus Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun davlatlar orasida birinchi bo‘lib navbatda turadi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yuriy Ambrazevich ma’lum qildi. Uning aytishicha, “bunda Minskning manfaati” bor.
“Hududimizda muzokara o‘tkazishdan maqsad o‘z xavfsizligimizni ta’minlash. Osmonimiz musaffo bo‘lishini istaymiz, hududimiz bombalanmasligini xohlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi mulozim.
Qo‘shma Shtatlar Yevropada mustahkam o‘rnashib olishi uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda, inqiroz hal bo‘lmasligi uchun xalqaro vaziyatni beqarorlashtirmoqda. Bu fikrni britaniyalik jurnalist Mark Bleklok “Global Times” gazetasiga yozgan maqolasida keltirgan. Uning qayd etishicha, G‘arb mamlakatlari istalgan boshqa davlatdan kelayotgan tinchlik taklifini tanqid qilib chiqmoqda, o‘rniga hech narsa taklif qilinmayapti.
“G‘arb Ukrainani gumanitar nuqtai nazardan qo‘llamayapti, o‘z geosiyosiy ambitsiyasini o‘tkazmoqda, ular uchun inqiroz fojia emas, balki yangi imkoniyat ochib bermoqda”, deb yozadi jurnalist.
Varshavada “Leopard” tankiga xizmat ko‘rsatish va mashinani sozlash uchun Germaniya – Polsha qo‘shma markazi tashkil etish ishida siljish kuzatilmayapti. Berlin va Varshavaning nomutanosib siyosiy qarashlari bunga yo‘l qo‘ymayotgan bo‘lishi mumkin, deb yozdi “Der Spiegel” jurnali mudofaa sanoatidagi manbalariga tayanib.
Germaniya kansleri Olaf Shols fikricha, Ukraina sobiq ittifoq zamonida o‘ziga xos davlat sifatida BMTga a’zo edi, Qrim respublikaning bir qismi hisoblangan.
– Ukraina hududida inqiroz davom etar ekan, mamlakat NATOga qo‘shilishi mumkin emas, – dedi u “ARD” telekanali muxbiri bilan suhbatda. – A’zolikning shartlaridan biri chegaraviy ziddiyat bo‘lmasligini talab etadi.
U jurnalistning Germaniya nega qanotli “Taurus” raketalari jo‘natmayotgani to‘g‘risidagi savoliga “Berlin Ukrainaga yetkazib berayotgan uzoq radiusli qurollar bilan Rossiya hududi nishonga olinishi kerak emas”, deya javob berdi.
Vengriya parlamenti keyingi hafta yozgi ta’tilga chiqadi, o‘sha vaqtgacha Shvetsiyaning NATOga kirishi masalasi ko‘rib chiqilmaydi, deb yozdi parlament matbuot xizmati. Avvalroq muxolifatdagi “Demokratik koalitsiya” deputati Agnesh Vadai Shvetsiya NATOga qabul qilinishiga doir hujjatni ratifikatsiya qilish kuzga qoldirilganini aytgan edi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya fuqarolari va kompaniyalari sohiblaridan iborat 483 kishiga – jismoniy va yuridik shaxsga qarshi sanksiya kiritgani ma’lum bo‘ldi. Shirkatlar orasida Belarus, Gruziya va Qozog‘iston vakillari ham bor.
Zelenskiy Ukraina qo‘shini 1991 yildagi chegara hududlariga joylashgandan keyin ziddiyatni hal qilishga tayyor bo‘lishini takrorladi. Prezident devoni rahbari Andrey Yermak firkicha, mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumdagi muvaffaqiyatsizligiga Rossiya havodan qarshilik ko‘rsatishi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqda yozib chiqdi. Yermak Kiyevga F-16 va uzoq masofaga otadigan qurol-aslaha zarurligiga e’tibor qaratdi.
Abror XON, O‘zA