Zelenskiy Erdo‘g‘onga minnatdorlik bildirdi
Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiya harbiy kemalarining Qora dengiz bo‘g‘ozlaridan o‘tishini to‘sib qo‘ygani uchun Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onga minnatdorlik izhor qildi. Bu haqda “RIA Novosti” yozgan.
Zelenskiy ayni qaror haqiqatan Turkiya rahbariyati tomonidan qabul qilinganmi yoki yo‘q, buni aniqlamadi. Turkiya rasmiylari hozircha xabarga izoh bermadi.
"Do‘stim, Prezident Erdo‘g‘on va Turkiya xalqiga kuchli qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman. Rossiya harbiy kemalarining Qora dengiz orqali o‘tishini taqiqlash va Ukrainaga harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish bugungi kunda juda muhim. Ukraina xalqi buni hech qachon unutmaydi.”, deb yozgan Zelenskiy.
Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari Rossiya kemalari uchun yopilishi bilan bog‘liq ma’lumot berilgandi.