Zebinisodek tashabbuskor yoshlar soni ortmoqda
Ma’lumki, mamlakatimiz aholisining qariyb 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ular orasida faol va tashabbuskor o‘g‘il-qizlar talaygina.
Shu bois, yurtimizda yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas tarzda takomillashtirib borilmoqda.
Bunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlarimizdan biri Zebiniso Mahmudovadir. U hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, “Xalqaro huquq” fakultetining 4 bosqich talabasi.

Qahramonimiz o‘zining tashabbuskorligi, talabchanligi, namunaviy xulqi bilan tengdoshlari orasida hurmat qozongan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini mukammal darajada biladi, hozirda esa nemis tilini o‘rganmoqda.
Bundan tashqari, Z.Mahmudova turli xil ilmiy-amaliy anjuman va seminarlarda muntazam ravishda ishtirok etadi. Jumladan, Yevropa Kengashi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjuman, “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik: global ko‘rinishlar” nomli xalqaro tematik seminar, XV talabalar ilmiy konferensiyasi bunga yorqin misoldir.
Ta’kidlash joizki, Zebiniso yozgan maqolalar fikrlar teranligi va keltirilgan takliflar dolzarb va foydaliligi bilan alohida ajralib turadi. Xususan, uning dolzarb mavzudagi maqolalari xalqaro va mahalliy jurnallarda muntazam chop yetib kelinmoqda.
Shuningdek, Zebinisoning yuksak intellektual salohiyati Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishiga imkon berdi. Bundan tashqari, u Butunjahon intellektual mulk tashkiloti akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan maxsus kurslarda taqdirlangan.
Zebiniso kelajakda xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish uchun tinimsiz harakatda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA