Zavod tarkibida yangi korxona ishga tushdi
Samarqand metallurgiya zavodi (“Aziya metall prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati) tarkibida rux va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi.
Xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2018 yilda tashkil etilgan zavodda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish hamda bank kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobidan shu paytgacha o‘nga yaqin loyiha amalga oshirilgan. Xususan, dastlab bu yerda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan bo‘lsa, 2021 yildan metall quvurlar va profillar, 2022 yildan issiq o‘ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Endilikda bu yerda uzluksiz ruxlash agregati (URZA) va polimer qoplama agregati (PQKA) liniyalari bilan birga yillik quvvati 1,2 million tonna bo‘lgan sovuq prokatlash agregati ham ishga tushirildi.
[gallery-23074]
– Mazkur korxonaning ishga tushirilishi, ya’ni sovuq holdagi prokatlash sexi O‘zbekiston metallurgiya sanoati uchun muhim yangilik bo‘ldi, – deydi Samarqand metallurgiya zavodi direktori o‘rinbosari Baxtiyor Muxtorov. – Bu mahsulot import o‘rnini bosib, hatto, qo‘shni davlatlarning ham ehtiyojini qoplash imkonini beradi.
Korxona yiliga 1 million 200 tonna rux va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, energiya tejamkor uskunalardan foydalaniladi. Ayni paytda xomashyoni Rossiyadan keltirayotgan bo‘lsak, 2026 yildan o‘zimizda tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Korxona ish boshlashi bilan 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yangi korxona ochilish marosimida viloyat rahbari Adiz Boboyev ishtirok yetdi va ushbu korxona mintaqada metallurgiya sanoatini rivojlantirishda muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri