Zargarlik savdo majmuasi tashkil etildi
Samarqand shahrida zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmuasi ochildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida zargarlik san’ati an’analarini qayta tiklash, mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilangan edi. Uyushmagan holda faoliyat yuritayotgan zargarlar ishini tizimli tashkil qilish maqsadida 2023 yil yakuniga qadar yurtimizning bir qator shaharlari, jumladan, Samarqandda zargarlik yo‘nalishidagi savdo va ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish ko‘zda tutilgandi.


Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand shahri markazida umumiy maydoni 4500 kvadrat metrni tashkil etadigan ushbu zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmuasida 20 dan ortiq savdo do‘koni, zargarlar ustaxonasi hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud.
– 9 milliard so‘m investitsiya mablag‘i hisobiga qurilgan markazda 130 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi “Sharq sanoat” konserni direktori Baxtiyor Toshtemirov. – Bu bilan ish tugagani yo‘q. Zargarlik sohasida milliy brendni yaratish hamda uni butun dunyoga tanitish maqsadida konsernimiz tomonidan maxsus ustaxonalar tashkil etilib, ularga xorijlik mutaxassislar ham jalb qilinmoqda. Jarayonda ishlatilayotgan xomashyoning asosiy qismi birja orqali olinyapti, chet eldan import ham mavjud.


Bugungi kunda viloyatimizda 12 ta korxona, 30 nafardan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor hamda usta-hunarmand zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ularning mahsulotlari zargarlik mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi 120 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektiga yetkaziladi.
– Bolaligimdan zargarlik bilan shug‘ullanib kelaman, bu bizga ota kasb, – deydi usta Oybek Tillayev. – Asosan milliy va zamonaviy dizayn uyg‘unligidagi noyob zargarlik mahsulotlarini yaratishga harakat qilamiz. Buning uchun tarixiy manbalar, adabiyotlar bilan tanishib chiqamiz, o‘z navbatida bozorni o‘rganamiz. Shahrimiz doim sayyohlar bilan gavjum, shu bois bizda zargarlikda milliy brend yaratish uchun keng imkoniyat bor. Yangi majmuda bu imkoniyatdan samarali foydalanamiz, albatta.
Markazning ochilish marosimida zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarining tayyor va yarim tayyor mahsulotlari namoyishi tashkil etildi.


G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari