Zarbdorda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari
Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning Zarbdor tuman quyi tizimi xizmatlari tomonidan boshqaruv organlari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday holatlarda aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha harakatlarga doir qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Uch kun davom etgan ushbu o‘quv mashg‘ulotlar boshlanishi favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi (FVDqT) xizmatlari rahbarlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi yuzasidan axborotlarini tinglash bilan boshlandi.

So‘ngra barcha qatnashchilar ishtirokida saf ko‘rigi o‘tkazilib, unda tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda zarur vositalar bilan to‘liq ta’minlash va foydalanishga shay holatga keltirish choralari ko‘rildi.

O‘quv mashg‘uloti tegishli boshqaruv organlari kuch va vositalarini kuchaytirilgan holatga o‘tkazish hamda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmas ishlarni olib borishni o‘z ichiga olgan bir nechta o‘quv nuqtalarida o‘tkazilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
O‘quv mashqining ikkinchi kuni davomida rejaga asosan barcha o‘quv nuqtalarida ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari va FVDqT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi.

Shuningdek, ta’lim muassalarida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida “Fuqaro muhofazasi” kuni tadbirlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Zarbdor tumanining Taraqqiyot mahallasida “Fuqaro muhofazasi va yong‘inlar profilaktikasi kuni” doirasida mahalla hududidagi aholi yashash xonadonlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish, quturish, qrim-kongo gemorragik istimasi kasalligi, havo-gaz aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanish bo‘yicha hamkorlikdagi xizmatlar bilan birgalikda profilaktik tushuntirish va targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
– “Fuqaro muhofazasi va yong‘inlar profilaktikasi kuni” doirasidagi tadbirlar Zarbdor tumanidagi “Oybek”, “Nurabod” va “Shodlik” MFY hududida, shu mahallalar fuqarolari hamda tuman “Gazta’minot” bo‘limi, ATB “Agrobank” Zarbdor filiali, “Zarbdor Elevator” AJ ishchi-xizmatchi xodimlari ishtirokida shartli zilzila, yong‘in va boshqa shu kabi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan vaziyatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda evakuatsiya ishlari o‘quv mashqlari o‘tkazildi, – deydi Jizzax viloyat FVB axborot xizmati rahbari, kapitan Iftixor Umarov. – Shu kungi tadbirlar davomida 111 nafar shaxsiy tarkib, 12 ta texnika yordamida 160 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi. Umuman Zarbdor tumani bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida 5 ta o‘quv nuqtasida 1044 nafar shaxsiy tarkib, 1882 nafar kuzatuvchi, shuningdek 129 ta texnika ishtirok etdi.
Uch kunlik o‘quv mashqlari Zarbdor tuman hokimligi zalida atroflicha muhokama qilinib, mashqlar jarayonida faollik ko‘rsatgan qatnashchilar Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Zarbdor tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari