Zarbdor tumaniga hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev so‘zga chiqdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat rahbari Zarbdor tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod –Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan Toshpo‘latov Bekzod Turg‘unovichni sessiya qatnashchilariga tanishtirdi.

Bekzod Toshpo‘latovni Zarbdor tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yilning 28 dekabr kuni Zarbdor tumani hokimi Ro‘ziyev Zafar Sharopovich Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri