Zararli chigirtkalarga qarshi dolzarb kurash davom etmoqda
Qibray tumanida zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini samarali olib borish mavzusiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda amaliy tadbir tashkil etildi. Unda mutaxassislar ishtirokchilarga zararkunandalarga qarshi kurashishda kimyoviy ishlovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishning ahamiyati, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va yuqori samarador preparatlardan foydalanish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.


Shuningdek, dala seminari davomida zararli chigirtkalar tarqalgan hududlar aniqlangan hollarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tushuntirildi. Qayd etilishicha, joriy yilda Toshkent viloyatida 27 ming gektardan ortiq maydonda chigirtka tarqalishi prognoz qilingan. Amalda esa zararkunandalar 26 ming 485 gektar hududda aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, hududlarda kurashish tadbirlari aprel oyining ilk kunlaridan boshlab tizimli ravishda olib borilmoqda.


– Shu kungacha o‘tkazgan kuzatuvlarimizda Bo‘stonliq, Qibray, Piskent, Bo‘ka, Bekobod tumanlari va Qo‘shni Qozog‘iston bilan chegaradosh boshqa hududlarda zararli chigirtkalarning erta bahorda ko‘payish xavfi mavjud bo‘lgan maydonlar borligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Toshkent viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati Alibek Bagishbekov. – Hozirgacha Bo‘stonliq va Qibray tumanlaridagi adirlarda kimyoviy ishlovlar berilyapti. Maqsadimiz Toshkent viloyatining tabiatiga salbiy ta’sir berilishining oldini olishdir. Bu sa’y-harakatlar har kuni monitoring qilib boriladi. Bugungi seminarda shu bo‘yicha amaliy vazifalarning ahamiyatini ko‘rsatib berdik. Ishonamanki, bu chora-tadbirlar o‘z samarasini beradi.


Qarshi kurash tadbirlarini samarali olib borish uchun maxsus otryadlar tashkil etilib, ularga purkagichli maxsus avtomashinalar, traktor (OVX,VP-1) purkagichlar, motorli qo‘l purkagichlar biriktirildi. Bundan tashqari, joylardagi ishchi-xodim ishlovlarga jalb qilingan.
Bugungi kunda Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari tomonidan zararli chigirtkalarni o‘choqlarini aniqlash bo‘yicha doimiy kuzatuv-nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Mazkur hududlarda dehqonlar va chorvadorlarga amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning ahamiyati tushuntirilyapti.


A.Musayev,O‘zA.