Zamonlar toʻfonida soʻnmagan mayoq
Bu davrda Samarqanddagi madrasalar, xususan, Mirzo Ulugʻbek madrasasi faoliyat yuritgan.
Keyingi davrlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida 1420-yilda Mirzo Ulugʻbek Muhammad Taragʻay tomonidan Samarqandda asos solingan Madrasai oliya faoliyati 1920-yilgacha faoliyat koʻrsatgan va uning davomi sifatida shakllangan pedagogik yoʻnalishdagi oliy bilim yurti madrasa talabalarini ham qamrab olgan hamda mazkur oliygoh zamirida 1927-yilda Samarqand davlat universiteti tashkil topgan degan gʻoya ustuvor edi. Aslida ham tarixda shunday boʻlgan. Faqatgina Samarqanddagi madrasalar faoliyati Buxorodan farqli ravishda 1927-yilgacha davom etgan. Buxoro qizil armiya tomonidan egallangach (1920-yil avgust-sentyabr), madrasalar faoliyati toʻxtagan. Buxorodagi madrasalardan bir qism mudarrislar va talabalar bu davrda hali oʻz faoliyatini davom ettirayotgan Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida oʻz oʻqishlarini davom ettirganliklari maʼlum.
Bu davrda Samarqanddagi madrasalar, xususan, Mirzo Ulugʻbek madrasasi faoliyat yuritgan. Toʻgʻri Rossiya imperiyasi hukumatining madrasalar faoliyatini tugatish va ularni moliyaviy manbasidan judo qilishga qaratilgan koʻplab harakatlar boʻlgan. J.Ismoilovaning keltirishicha, Rossiya imperiyasi maʼmurlari, jumladan, birinchi general-gubernator P.K.Kaufman davridayoq musulmon taʼlim dargohlari inqirozini tezlash¬tirishga harakat boshlangan edi. Uning buyrugʻi bilan “aʼlam” va “mutavvaliboshi” lavozimlari bekor qilingan. Bu esa madrasalar boshqaruviga berilgan eng katta zarba boʻldi. Madrasani tugatganlarning yuqori lavozimlarga ishga qabul qilmaslik orqali milliy taʼlim tizimining yuqori bosqichini obroʻsizlantirishga harakat qilingan. Lekin mustamlakachilarning islom diniga, musulmon tashkilotlariga qarshi bu tarzda kurashi aholi tomonidan qattiq qarshilikka uchradi va ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. Shuning uchun Rossiya imperiyasi bu masalaga “ehtiyotkorlik” bilan munosabatda boʻlish kerakligini tushunib yetdi.
Buning natijasi oʻlaroq sovetlar hukumati davrida ham anʼanaviy taʼlim dargohlari, jumladan, madrasalar faoliyatiga alohida eʼtibor qilindi. 1917-yilning fevralida Petrograd voqealaridan soʻng qisqa vaqt hukmronlik qilgan Muvaqqat hukumat davrida vijdon erkinligining eʼlon qilinishi muhim tarixiy voqea boʻlgan edi. Soha tadqiqotchilari fikriga (A.M.Salmonov) koʻra, Muvaqqat hukumat soʻnggi kunlariga qadar diniy muassasalarga nisbatan xayrixohlik siyosatini yuritgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivining 34-fondi materiallari tahlili natijasida maʼlum boʻladiki, oradan koʻp vaqt oʻtmay 1918-yil 14-dekabrida Turkiston ASSR Xalq maorifi komissarligi 6486-sonli buyrugʻini eʼlon qildi va taʼlim muassasalarini mablagʻ bilan taʼminlash toʻxtatilgan, vaqf mulklari musodara qilingan. Bu siyosat diniy muassasa va taʼlim dargohlari faoliyatiga katta salbiy taʼsir koʻrsatgan. Shuning uchun ham ushbu yillarda diniy ulamolar Sovet hokimiyatiga qarshi norozilik kayfiyatini ifoda qilar ekan, ular asosan, vaqf mulklarini oʻz egalariga qaytarishni talab qilishgan. Lekin imkon qadar taʼlim dargohlari va madrasalar faoliyati davom ettirilgan.
Bu borada ayniqsa jadidlar jonbozlik koʻrsatgan. Turkiston Sovet Respublikasining maʼrifatparvar vakillari va jadidchilik harakatining namoyandalari 1919 – 1920-yillarda vaqflarni tiklash va ularni diniy muassasa va taʼlim dargohlari moddiy bazasiga qaytadan aylantirish bilan bogʻliq qatʼiy fikrlar bildirishgan hamda matbuot orqali oʻz fikrlarini bayon qilib borishgan.
A.Salmonovning arxiv hujjatlariga suyanib keltirishicha, natijada Turkiston ASSR MIQ vaqflarni madrasa va masjidlarga qaytarish va diniy muassasalarni taʼmirlash orqali mahalliy aholining ishonchini qozonish, mintaqadagi hayotni bolsheviklar foydasiga barqarorlashtir
ish maqsadida, 1922-yilning 20-iyunida 75-raqamli dekretini qabul qildi. Ushbu hujjatda Turkistonning uch viloyatida (Samarqand, Fargʻona, Sir¬daryo) vaqf mulklarini diniy muassasalarga qaytarish, ulardan keladigan daromadni, madrasa va masjid binolarini taʼmirlash, bu yerda oʻqiyotgan mullavachchalarga hamda xodimlarga sarflash, ular qoshida maktablar ochish masalalar koʻrsatilgan edi.
Harakatlar natijasi oʻlaroq, har bir uyezdda madrasa va vaqflarni boshqarish organi, kollegiyasi tashkil qilina boshlandi. Endilikda 1922-yil 20-iyun dekretidan soʻng, Turkiston ASSR viloyatlaridagi madrasalarning aniq sonini hisobga olish, ularning har biridagi mudarrislar soni, u yerda oʻqitiladigan fanlarning dasturi, mudarrislarga oʻquv predmetlarining taqsimlanishi, daromad va xarajatlar hisob-kitobi haqida markazga aniq maʼlumotlar talab qilina boshlandi.
Sovet hukumatining milliy oliy taʼlim tizimi – madrasalarga nisbatan olib borgan siyosati, ularning daromad manbai boʻlgan vaqf mulklarining qaytarilishi natijasida 1927-yilgacha Samarqandda madrasalar faoliyat koʻrsatganligini maʼlum boʻladi. XX asrning 20 yillarida Samar¬qanddagi madrasalarda talabalarga dars bergan bir qator mudarrislar xotiralarida bu haqdagi maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Taniqli muhojir shoir Xubiy Samarqandiyning tarjimayi holida keltirilishicha (“Avroqi nosoʻxta”), Xubiy hijriy 1300 – 1303 (1921 – 1924) yillarda Boku shahrida joylashgan oliy dorilmualliminga oʻqishga qabul qilingan. Ammo kasalligi tufayli oʻqishni toʻliq tugatmasdan, 1304 (1925) Samarqandga qaytadi va bir muddat Samarqanddagi madrasada imom-xatiblik vazifasini oʻz zimmasiga oladi.
1891-yilda Samarqandda tugʻilgan shoir Maseho Tamhid Samarqandiy ham XX asr 20 yillarida Mirzo Ulugʻbek madrasasida tahsil olganligi maʼlum. U madrasa ilmini Samarqandda olib, shaxsiy mutolaa asosida tarix, adabiyot, falsafa va fors-tojik va arab adabiyotini oʻrganib yetuk shoir va olim boʻlib yetishgan. Tamhid xattotlik sanʼatida ham mohir boʻlgan va asosan anʼanaviy adabiyot yoʻnalishida ijod qilgan shoirdir.
U.Dolimovning keltirishicha, 1909-yildan Mirzo Ulugʻbek madrasasiga Saidahmad Vasliy Samarqandiy (1870 – 1925) mudarrislik qilgan. Said Ahmad Vasliy 1917-yildan keyin ham oʻzining pedagogik faoliyatini davom ettirgan va Mirzo Ulugʻbek madrasasida ochilgan oʻqituvchilar tayyorlash kursida umrining oxirigacha (1925-y.) yosh oʻqituvchilarga dars bergan.
Jumladan, oʻz davrining maʼrifatparvar mudarrisi Sayid Ahmad Vasliy maʼlumotlariga koʻra, 1920-yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida taʼlim jarayonlari toʻxtatilgach, oʻqishni tugata olmagan talabalar Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek, Urgutdagi Naqshin va Gʻishtin madrasalarida taʼlimni davom ettirishgan. Oʻz davrining mashhur mudarrislari Aspas maxdum, Qori Sharif, Hamroqul Rofe, Xudoyberdi Maxsum, Mullo Yunus kabilarni Mirzo Ulugʻbek va Urgut madrasalarida taʼlim berganlar. Maʼlumotlarga koʻra, Mingtepalik Hasanxon maxdum ibn Muhammad Ibrohim Mingtepa Qozisining oʻgʻli va Domla Sharif Hisoriylar bir vaqtda Urgut va Mir Arab madrasalarida oʻqishib, 1925-yillarda sanad (diplom) olganlar. Mullo Xoliqberdi va Mulla Xudoyberdi, Xoja bobolar Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida, Qutbiddin Muxiddinov – Qutbiy, Musannif Abdulaziz, Mullo Sharif, Mullo Shonazar kabilar Urgutdagi Mirzo Ulugʻbek madrasasi asosida tashkil etilgan Naqshin va Gʻishtin madrasalarida taʼlim olganlar.
Shubhasiz, Mirzo Ulugʻbek madrasasi azaldan mintaqa oliy dargohlari uchun namuna vazifasini bajargan. Aynan Urgutda tashkil etilgan madrasada ham Mirzo Ulugʻbek madrasasi mudarrislari ham dars berganliklari manbalarda bayon qilingan. 1873-yilda tugʻilgan, 1891 – 1899-yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasini tugatgan Urgutlik Qozi Asrorxon ibni Muftiy Umarxon 1900 – 1905-yillardan Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida faoliyat olib borgan. Keyinchalik Urgutdagi Naqshin madra¬sasida bosh mudarris vazifasini bajargan. Ayni vaqtda har kuni Samar¬qandga kelib Mirzo Ulugʻbek madrasasida talabalarga dars berganligi manbalardan maʼlum boʻladi.
Aynan Urgut qozisi boʻlgan va Mirzo Ulugʻbek madrasasida ham dars bergan “Muftaqir” (Qozi Asrorxonning taxallusi) 1926-yilda Mirzo Ulugʻbek madrasasidagi oʻz hujrasida vafot etgan. Mashhur mudarris va qozi Asrorxonning kutilmagan oʻlimi, hukumat tomonidan tekshirilgach, uning zaharlanganligi aniqlangan.
Xullas, Mirzo Ulugʻbek tomonidan 1420-yilda asos solingan Samar¬qanddagi Madrasai oliya bir necha asrlar davomida Sharq va Gʻarb ilmu fanida dasturilamal boʻlib xizmat qildi. Madrasa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda jamiyatdagi kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondira olgan mintaqadagi bosh oliy taʼlim muassasalardan biri hisoblangan va ayni nomda 1927-yilgacha faoliyat olib koʻrsatgan. Bu yuqorida keltirilgan vaqf mulklarining XX asr 20 yillarida qayta tiklanib, madrasalar faoliyatining qayta jonlanganligi va 1927-yilga qadar Mirzo Ulugʻbek hamda uning shoxobchasi boʻlgan Urgutdagi Naqshin va Gʻishtin madrasalarida faoliyat olib borgan mudarrislari faoliyati orqali oʻz tasdigʻiga ega.
Bobir GʻOYIPOV,
Samarqand davlat universiteti “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi mudiri,
tarix fanlari doktori.
Sunnatullo MUXIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)