Zamonaviy tug‘ruq kompleksi ish boshladi
Chirchiq shahrida 13 milliard 222 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga barcha qulayliklarga ega zamonaviy tug‘ruq kompleksi rekonstruksiya va kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova hamda viloyat, shahar mas’ullari, deputatlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Qayd etilganidek, hozir shaharda 171 ming 608 nafar aholi istiqomat qiladi. Har yili 3,5 mingga yaqin tug‘ruqlar ro‘yxatga olinadi. Shu kungacha shahar aholisiga Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatlik ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida xizmat ko‘rsatilgan edi.
Bugun tug‘ruq, patologiya, ginekologiya, kattalar reanimatsiya bo‘limlari, shuningdek, chaqaloqlar intensiv palatalaridan iborat 101 o‘rinli majmua o‘z ishini boshladi. Binoning barcha xonalari 1 milliard 836 million so‘mlik barcha tegishli tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, “Ishonch-2030” loyihasi doirasida ham yana 23 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirildi.


Tadbirda so‘z olganlar ushbu tibbiyot maskanida ko‘p yillar aholiga xizmat qilishi, tug‘ilajak farzandlar esa oilalarga baxt olib kelishi borasida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng faollar tomonidan ramziy tasma kesilib, maskanda yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
A.Musayev,O‘zA