Zamonaviy mahallaga zamonaviy binolar kerak...
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillariga qo‘mitaning o‘tgan yildagi faoliyati yuzasidan axborot taqdim etildi.
Qayd etilganidek, qo‘mita o‘z faoliyatida mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni amalga oshirishda davlat va nodavlat tashkilotlarining hamkorligi, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining faoliyatini muntazam tahlil qilib, markaziy organlar va hududlar rahbarlari hisobotlari eshituvini tashkil qildi. Har bir eshituv oldidan tegishli masalalar joylarga chiqib nazorat-tahlil tartibida o‘rganilgan.
Jumladan, joylardagi mahallalarga chiqib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati, shart-sharoitlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasidagi amaliy ishlari o‘rganildi. Mazkur o‘rganishlar davomida, afsuski, ko‘plab mahalla binolari qoniqarli darajada emasligi, zamonaviy mahallalarga zamonaviy binolar zarurligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchilik va muammolar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ishtirokida tashkil etilgan parlament eshituvida o‘rtaga tashlangan. Bu bo‘yicha qo‘mita tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, vazirlikka taqdim etilgan hamda nazorati olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 2021 yilda qo‘mita 10 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi. Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 24 ta tadbir o‘tkazildi. Qonun ijodkorligi bilan bir qatorda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratilib, turli masalalar yuzasidan tegishli idora va mansabdorlarga 48 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.
Anjumanda qo‘mita faoliyatgiga oid bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va atroflicha javoblar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA