Zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi
Chortoq tumanida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladigan kutubxona faoliyat boshladi.
Zafar Diyor nomli mahallada barpo etilgan “Ma’rifat” kutubxonasining tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati prokurorining o‘rinbosari Sanjarbek Ismoilov, Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Dilfuza Hakimova, tuman hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shoir va yozuvchilar, yosh kitobxonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ramziy lenta qirqilib, maskanda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Mahalliy tadbirkorning shaxsiy mablag‘lari hisobidan qariyb bir milliard so‘m evaziga barpo etilgan ikki qavatli kutubxona 20 ming nusxadan ortiq kitob fondiga hamda 65 o‘rinli zamonaviy o‘quv zaliga ega. Bu yerda kitob mutolaasi, izlanish va bilim olish uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.

Yangi kutubxona nafaqat kitob o‘qish, balki yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy kamolot va intellektual salohiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim ma’rifat o‘chog‘i sifatida faoliyat yuritadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA.