Zamonaviy bog‘dorchilik – taraqqiyot manbai
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday tashabbuslar doirasida chekka hududlarda ham yangi loyihalar hayotga tatbiq etilib, aholi bandligi va farovonligi ta’minlanmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida Buxoro viloyatida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, viloyatning eng chekka tumanlaridan biri Qorovulbozorda bog‘dorchilikni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish, balki eksportbop mahsulotlar yetishtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va aholi daromad manbalarini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, “Buxoro agro star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ziyodullo Mansur” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyiha diqqatga sazovor. Mazkur hududda 5 gektar yer maydoni tayyorlanib, zamonaviy uzumzor-tokzor barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida eksportbop va yuqori hosildor, sertifikatlangan “Avatar”, “Lamborjini”, “Manikyur Finger” hamda “Preobrajeniye” navlariga mansub jami 4 ming tupga yaqin uzum ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Bu esa kelgusida nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, balki tashqi bozorga ham raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berish imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, uzumzor qator oralaridan samarali foydalanish maqsadida jo‘yaklar tortilib, mavsumiy sabzavot-poliz ekinlari kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor, lavlagi, sholg‘om yetishtirish ham ko‘zda tutilgan. Bu agrotexnik yondashuv yerdan ikkilamchi foydalanish imkonini berib, qisqa muddatda qo‘shimcha daromad olishga xizmat qiladi.

Qorovulbozor tumanida amalga oshirilayotgan bunday zamonaviy bog‘dorchilik loyihalari hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar orqali chekka hududlar ham jadal taraqqiyot yo‘liga chiqib, yurtimiz qishloq xo‘jaligining yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.