Zamonaviy bog‘cha bolajonlar ixtiyorida
Buxoro viloyati Olot tumani “Usmonshayx” mahallasidagi oilalarda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 296 nafar bolalar mavjud.
Shundan atigi 50 nafari 2 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olingan.
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 21-22 yanvar kuni Olot tumaniga tashrifi davomida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqa ijtimoiy xizmat ob’ektlari barpo etilishi yuzasidan mutassadilarga topshiriqlar berilgan edi.
Tuman hokimining 2021 yil 26 fevraldagi qarori bilan maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish uchun 0,42 gektar yer maydoni ajratildi. Prokuratura organlari tashabbusi bilan mazkur hududda yangi 180 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qad rostladi. Natijada maktabgacha ta’limga jalb qilinmagan bolalar to‘liq qamrab olindi. Shuningdek, mahalladagi 30 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Bog‘chaning ochilish marosimida Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Halim Boltayev, viloyat prokurori Mahmud Istamov, tuman hokimi Nargiza Ne’matova va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi. Mutasaddilar tomonidan 22-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiriga ramziy kalit topshirildi.




Zarif Komilov,
O‘zA