Zamonaviy baliqchilikning yashirin kuchi va jozibasidan tadbirkorlar qay darajada xabardor?
Prezident tashabbuslari – amalda
Bundan besh-olti yil oldingi gap. Qishloqdagi bir tanishimiz tomorqasining chetidagi kichkinagina tashlandiq yerni tozalab, mo‘jazgina hovuz qazdi. Hovuzga baliq chavoqlarini tashlaganida esa ko‘pchilik unga hazil qildi.
Shundan baraka toparmiding, ovora bo‘lganing qoladi, deyishdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘sha qo‘shnimiz ro‘zg‘orini baliq go‘shti bilan ta’minlay boshladi. Keyin esa ortganini bozorga chiqarib, yaxshigina daromad qildi. Uy-joylarini epaqaga keltirdi. O‘g‘illariga sunnat to‘ylari qildi.
Bugun o‘sha kichik hovuz yirik baliqchilik xo‘jaligiga aylangan. Bu oddiy hayotiy misol bizga bir haqiqatni anglatadi. Baliqchilikka to‘g‘ri yondashilsa, u oilani ham, tadbirkorni ham, butun bir yurtni boqadigan juda barakali sohadir. Bu sohaning rivojlanishi, eng avvalo, oddiy xalqning, har bir xonadonning manfaatiga xizmat qiladi.
Mamlakatda baliqchilik qanchalik keng quloch yoysa, bozorlarimizda ilgari tansiq hisoblangan baliq go‘shti shunchalik ko‘payadi va hamyonbop bo‘ladi. Bu esa har bir oila o‘z dasturxoniga muntazam ravishda yangi va sifatli mahsulot sotib ololishini anglatadi.
Davlat rahbarining bu sohaga alohida e’tibor qaratayotgani ham bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Mutasaddilarga tarmoqni zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda aholi dasturxoniga arzon, sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan muhim topshiriqlar berildi. Mazkur qadamlar soha rivoji qay darajada strategik ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Yurtimizda bu sohani rivojlantirish uchun imkoniyatlar ko‘p. Tasavvur qiling, O‘zbekistonda 173 ming kilometrdan ortiq daryo va kanal o‘zanlari mavjud. Bu degani, qanchadan qancha qishloq yoki mahalla yaqinidan suv oqib o‘tadi.
To‘g‘ri, bugun dunyoda suv resurslari cheklangan. Ammo shunga qaramasdan, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinda turibdi. Masalan, birgina 2025-yilda yurtimizda 206 ming tonna baliq yetishtirildi. Bu juda katta raqam, lekin aholimiz soni ham yildan-yilga o‘sib boryapti. Xalqimizning sog‘lom yashashi uchun oqsilli mahsulotlarga, ayniqsa, shifobaxsh va parhezbop baliq go‘shtiga bo‘lgan talabi kun sayin ortmoqda. Shu bois baliqchilikda endilikda suvni tejaydigan, uni qayta aylantirib ishlatadigan va zamonaviy intensiv texnologiyalarga asoslangan tizimga o‘tish hayotiy zaruratga aylandi.
– Hozirgi kunda zamonaviy intensiv usulda baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning atigi 20 foizidan oshmayapti, – “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi Omon Musayev – Vaholanki, bunday texnologiyalar hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirishga qodir. Agar qo‘limizdagi mana shu imkoniyatlarni to‘liq ishga solsak, baliq yetishtirish hajmini besh barobar ko‘paytira olamiz. Buning uchun sohaga bilimli, zamonaviy kadrlar kerak. Shu maqsadda Agrar universitetda Rossiyaning Astraxan davlat texnikakoi universiteti va Xitoyning Dalyan okean universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet ochish rejalashtirilmoqda. Bu kelajakda sohamizni ilm bilan yuritadigan yosh mutaxassislar yetishib chiqadi deganidir.
Albatta, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish tadbirkordan mablag‘ talab qiladi. Shu bois davlatimiz tadbirkorlarni yolg‘izlatib qo‘ymay, ularni moliyaviy tomonlama kuchli qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, suvni tejaydigan yopiq aylanma tizimlarni o‘rnatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Naslli ona baliqlarni xorijdan import qilish, hovuzlar tepasiga quyosh panellarini o‘rnatish uchun alohida subsidiyalar ajratiladi. Hatto biznesni yuritish uchun olinadigan imtiyozli kreditlarning foiz xarajatlarini ham davlat qisman o‘z zimmasiga olmoqda.
Bu maqsadga erishish uchun naslchilik va ilmiy yondashuvga alohida urg‘u beriladi. Chunki sifatli chavoq va yaxshi genetika yuqori hosilning kalitidir. Endilikda karp, laqqa, forel va osyotr kabi xaridorgir baliq turlarining naslini yaxshilash, yangi zotlarni mahalliy iqlim sharoitimizga moslashtirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Natijada qishloq joylarda yuzlab yangi baliqchilik xo‘jaliklari ochilib, minglab oddiy odamlar uchun o‘z uyining yonida turib, halol mehnat bilan barakali daromad topish imkoniyati yaratiladi.

Darhaqiqat, tadbirkorlar uchun baliqchilik bugungi kunda eng serdaromad va istiqbolli biznes yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Suvni tejaydigan intensiv usullar tufayli katta-katta yerlarni band qilmasdan, kichikkina maydonda ham tonnalab mahsulot yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Baliqqa bo‘lgan talab xalqimiz orasida ham, tashqi bozorda ham hech qachon kamaymaydi. Demak, mahsulotni sotish yoki bozor topish muammosi tadbirkorni qiynamaydi. Eng muhimi, davlat tomonidan berilayotgan bunday imtiyozlar va arzon kreditlar sharoitida har qanday ishbilarmon odam tavakkalchilikdan qo‘rqmay, o‘z biznesini qisqa fursatda oyoqqa turg‘iza oladi.
Dunyo bozorida go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining narxi beqaror bo‘lib, qimmatlashib borayotgan bir paytda, o‘z yurtimizda baliq yetishtirishni ko‘paytirish ichki bozorimizni mustahkam himoya qiladi. Xalqimizning oqsilga bo‘lgan ehtiyoji arzon, sifatli va eng asosiysi, salomatlikka beqiyos foydali yo‘l bilan qondiriladi. Shu bilan birga, ichki ehtiyojdan ortgan baliq mahsulotlari chet elga eksport qilinadi.
Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash xalqimiz dasturxoni to‘kinligi, tadbirkorlarimiz boyligi uchun kiritilgan eng oqilona investitsiyadir.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi