“Zakovat”da musobaqalashdi
Yoshlar oyligi doirasida davlat xizmatchilari o‘rtasida Farg‘ona viloyati hokimi kubogi uchun tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini haqiqiy bilimdonlar bahsiga aylandi.
Mazkur musobaqada tashkilot va idoralar, shahar va tuman hokimliklaridan 60 ta jamoa ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyat boshqarmasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.
O‘zbekiston tumani hokimligi jamoasi 2-o‘rinni, Farg‘ona shahar hokimligi jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga Farg‘ona viloyati hokimining kubogi, diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA