“Zakovat”chi va sportchi talabalar taqdirlandi
Prezidentimizning 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Namangan davlat universiteti talabalarining sport, ilm-fan, madaniyat, san’at kabi yo‘nalishlardagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda o‘z samarasini bermoqda.
Oliygohning an’anaviy intellektual olimpiadada universitetning “Zakovat” jamoasi ketma-ket yuqori natijalarga erishayotgani jamoaning erudit-kvartet yo‘nalishi turnirida ikkinchi o‘rinni egallaganligi, voleybolchi qizlar jamoasining O‘zbekiston kubogi musobaqalarida ikkinchi bor zafar quchib, bosh sovrinni saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lgani, shuningdek, “Universiada” o‘yinlarida universitet gandbolchi qizlar jamoasi kuchli uchlikka kirganligi buning yaqqol dalilidir.


NamDU talabalaridan to‘rt nafar o‘g‘il bola, besh nafar qiz bola voleybol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilingani quvonarli. Bunday yuksak muvaffaqiyatlar zamirida katta mehnat, intilish, harakat, fidoyilik bor. Shu o‘rinda, Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turg‘unov joriy o‘quv yilida turli sohalarda oliygoh nufuzining oshishiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh sportchi va iste’dodli talabalar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni taqdirladi.

Muloqotda rektor qo‘lga kiritilgan yutuqlarni e’tirof etib, g‘olib jamoa vakillari va sovrindorlarga tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlarini topshirdi. Namangan davlat universiteti Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan sportda qo‘lga kiritilgan yuksak muvaffaqiyatlar uchun hamda viloyat hokimligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari orasida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda samarali ish tashkil etgan eng yaxshi oliygoh sifatida e’tirof etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA