“Zakovat” g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlandi
Poytaxtimizda Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda g‘oliblar o‘z mukofotlarini qo‘lga kiritdi.
Olimpiadada 135 ta OTM lari ishtirok etib, shulardan eng kuchli 50 ta OTM jamoalari, jumladan, 550 nafar talaba 4 kun davomida musobaqaning respublika bosqichida 6 ta yo‘nalishda bellashdilar. Xususan, “Zakovat”, “Breyn-ring”, “Yerudit-kvartet”, “Shaxsiy o‘yin”, shaxmat va shashka o‘yinlari bo‘yicha bellashuv olib bordi va “Breyn-ring”dan tashqari barcha yo‘nalishlarda g‘oliblar nomiga oydinlik kiritilgan edi.
[gallery-15161]
Bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimi doirasida “Breyn-ring” o‘yini finali o‘tkazildi. Unda Namangan davlat universiteti iroda ko‘rsatib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini mag‘lub etdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni raqibidan tortib oldi.
Bundan tashqari, barcha yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan talabalar taqdirlandi, shuningdek, umumjamoa hisobida 1- 2 va 3-o‘rinlarni egallagan OTM larga Prezident sovg‘asini Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva topshirdi.
Shunga ko‘ra, intellektual olimpiadaning umumjamoa hisobidagi g‘oliblari: 1-o‘rin University of science and technology universitetiga nasib qilib, 2 milliard so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2-o‘rin O‘zbekiston Milliy universitetiga berildi va ularga 1,5 milliard so‘m pul mukofoti berildi. 3-o‘rinni esa Namangan davlat universiteti egallab, 1 milliard so‘mga erishdi.
Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA