Zafar muborak, qorako‘llik paxtakorlar
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani paxtakorlari viloyatda birinchi bo‘lib shartnomaviy rejani bajardi. Tuman mirishkorlari 29 ming 170 tonnadan ortiq paxta xirmonini bunyod etdi.
Tumanda bu yilgi dehqonchilik mavsumida 237 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 10 ming 851 gektar yerda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo – paxta yetishtirildi. Murakkab iqlim sharoitida tumanda 98 ta fermer xo‘jaligining 381 ta konturida, jami 2 ming 286 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida barakali hosil yetishtirilgani tarmoqqa joriy etilayotgan ilmiy yondashuv samarasidir.
Paxta yig‘im-terimini tizimli tashkil etish bo‘yicha 230 ta terim otryadlari shakllantirildi. Ularga 16 ming 42 nafar terimchilar ixtiyoriy ravishda biriktirildi. Paxta xomashyosini yig‘ib-terib olishda tumandagi “Merganteks” va “Kumush kalava” klaster korxonalari va paxta tozalash korxonalari tarkibidagi 3 ta paxta qabul qilish maskanlari, ulardagi g‘aram(bund) maydonlari, paxtani uzatish mexanizmlari, transportyorlar, laboratoriya jihozlari belgilangan standartlar asosida ishlashi ta’minlandi.

«Merganteks» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Sayyod” hududida faoliyat ko‘rsatuvchi “Oydinoy Olim Oybek” fermer xo‘jaligi dalalarida tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etildi va hosildorlik 70 sentnerni tashkil etmoqda.
Fermer xo‘jaligi a’zolari 58,8 gektar maydonga chigit ekib, parvarishladi. O‘z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar tufayli xo‘jalikda mo‘l hosil yetishtirildi. Paxta to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq qabul maskanlariga yuqori sifatli “oq oltin” topshirildi. Hali fermer xo‘jaligi dalalarida hosil cho‘g‘i baland. Yig‘im-terim ishlari esa bir dam susaygani yo‘q.
– Tomchilab sug‘orishning paxta uchun foyda ekanligini biz mana bu yil amalda ko‘rdik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Sardor Ergashev. –Paxtachilikdagi misli ko‘rilmagan natijalarning bosh sababi g‘o‘za parvarishiga ilmiy yondashuvdir. Bir yil avval 27 sentner hosil olgan bo‘lsak, bu yilgi natija sal kam 3 barobar ko‘p.

Tuman “Chovli” hududidagi “Bog‘i eram zamini”, “Do‘konchalik Jumaboy polvon”, “Ovodon momo” , “Abduqodir Eshon” nomli, Qoraun hududida faoliyat yuritayotgan “Boboqul Onda”,“Ochil bobo-2018”, “Sattor Rustam paxtakor”, “Yallaqosim chorvador”, “Yangizamon Shoyimurod” nomli, “Qorahoji” hududidagi “Nihol M”, “Yaxshimurod paxtakor”, “Ahmad Ro‘ziqul” nomli, “Mallaishayx” hududidagi “Bog‘i Shabnam chorvador”, “Madina Ibrohim Farmon”, “Rasul Jabbor Ibrohim”, “Asadbek yosh g‘allakor”, “Ortiq bobo” nomli, “Sayyot” hududidagi “Firdavs Suxrob paxtakor”, “Tohir–Zohir paxtakor”, “Qahramon Akbar paxtakor”, “Eshonqul Niyoz paxtakor”,“Qorako‘l Fidokor zamini”, “Kumush kalava” MCHJ, “Qorako‘l” hududidagi “Polvon Yangiyev”, “Davlat nav sinash uchastkasi”,“G‘ofur Razzoq”, “Ulug‘ Bobo” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklari birinchi terimda 30-40 sentner hosil olib, shartnomaviy rejani bajardi.
Terim puli bank muassasalari tomonidan dalaning o‘zida tarqatilgani, ilg‘or terimchilarga 50 tonnadan ortiq yog‘ maxsuloti va boshqa sovg‘a-salomlar, oziq-ovqat maxsulotlari tarqatilib rag‘batlantirilib borilgani elimizning rizq-nasibasini o‘z vaqtida, sifatli yig‘ishtirib olinishini ta’minladi.
“Ziyorat”, “Sayyod”, “Mallaishayx”,“Chovli”, “Qoraun”, “Quvvacha” va “Qozon” hududlari paxta sotish shartnomaviy rejasini viloyatda birinchilardan bo‘lib bajardi. Shuningdek, “Darg‘ali”, “Qorahoji” va “Qorako‘l” hududlari ham paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shdi.
Zarif Komilov, O‘zA