Yuz minglab nomaʼlum taqdirlar
Ikkinchi jahon urushi va fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga mehnatkash xalqimiz qoʻshgan hissasi, salmogʻi qanchalik katta ekanligini anglash uchun raqamlarni keltirishning oʻzi kifoya qilmaydi.
Gʻalabaning 75 yilligi oldidan
Ikkinchi jahon urushi va fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga mehnatkash xalqimiz qoʻshgan hissasi, salmogʻi qanchalik katta ekanligini anglash uchun raqamlarni keltirishning oʻzi kifoya qilmaydi. Bu salmoqning qanchalik zalvorli ekanligini anglash uchun urushning har bir xonadonda qoldirgan mudhish xotiralarini tinglashimizga toʻgʻri keladi. Bu xotiralar oʻnta, yuzta yoki mingta emas, millionlab...
Urushning dastlabki yillarida fashistlarning toʻsatdan uyushtirgan hujumi tufayli sovet armiyasi juda katta talafotlarga uchradi. Garchi 1939-yil 28-sentyabrda Germaniya va SSSR oʻrtasida oʻzaro hujum qilmaslik haqida Molotov – Ribbentrop shartnomasi imzolangan boʻlsada, har ikki tomon ham jiddiy toʻqnashuvga tayyorgarlik koʻrib borardi. 3-Reyx deb nom olgan irqchi fashistlar birin-ketin Yevropa davlatlarini bosib olishga kirishib ketdi. Gitler va uning atrofiga toʻplangan tarafdorlari dunyoda yangicha hukmronlik oʻrnatish maqsadida boshqa millat vakillariga ikkinchi darajali insonlar sifatida qaragan. Shu maqsadda ular 1941-yilning oʻrtalariga kelib Yevropaning deyarli barcha davlatlarini bosib olishga muvaffaq boʻldi. Fashistlarning asosiy rejasi SSSRga yashin tezligida hujum uyushtirib, uni Ukraina, Moskoviya, Don-Volga, Kavkaz va Turkiston reyxs komissariatlari koʻrinishi ostida oʻz kolonizatsiyalariga aylantirish edi. Germaniya natsistlari bu borada “Barbarossa” dasturi boʻyicha sobiq Sovet Ittifoqiga keng frontda bosqinchilik hujumini uyushtirdi.
Oʻz navbatida SSSR ham Germaniya tomonidan kutilayotgan xavfga zoʻr berib tayyorgarlik koʻrardi. Ammo 1918-1922-yillarda tuzilgan RKKA (Raboche-krestyanskaya Krasnaya armiya) Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida natsistlarga qarshilik koʻrsata oladigan darajada tajribaga ega emasdi. Shuning uchun fashistlarning toʻsatdan uyushtirgan hujumi tufayli millionlab sovet jangchilari qurbon boʻldi va asirga olindi. “Barbarossa” dasturi boʻyicha amalga oshirilgan keng frontdagi bosqinchilik hujumi tufayli fashistlar qisqa muddat ichida Ukraina, Belarus, Moldova, Litva, Latviya, Estoniya respublikalarini va Pskov, Smolensk, Kursk, Oryol, Leningrad hamda Belgorod viloyatlarini bosib oldi. Mazkur hududlar uchun boʻlgan janglarda sovet armiyasi 2,5 milliondan ortiq shaxsiy tarkibidan ajraldi. Afsuski ular orasida yuz minglab oʻzbek oʻgʻlonlari bor edi. Ikkinchi jahon urushi davomida Oʻzbekiston oʻzining ana shunday 550 ming nafar navqiron yigitlaridan ajraldi.
Irodasi bukilmas qahramonlar
Ikkinchi jahon urushining dastlabki yillarida asirga olinganlarga Stalin siyosati natijasida vatan xoini deb qaralgan. Keyinchalik, yaʼni 1941-yilning dekabriga kelib davlat mudofaa qoʻmitasi qarori bilan asirlikda boʻlganlar uchun maxsus tekshiruv lagerlari tashkil etildi. Bunday lagerlarda 400 mingga yaqin harbiy xizmatchining asirlikdagi faoliyati oʻrganilib, ularning 80 foizi aybsiz sifatida Sovet armiyasi tarkibiga qaytarilgan. Urushdan keyin esa konsentratsion lagerlardan 1.836.562 nafar kishi ozod etildi. Ozod etilganlardan 233.400 nafari fashistlar bilan hamkorlik qilgani uchun GULAG qamoqxonasida turli muddatlardagi jazo muddatini oʻtagan.
Aslida urushning dastlabki yillari asirga olingan va halok boʻlgan 2,5 milliondan ortiq insonning taqdiri fojiali koʻrinish olishida Vlasov, Rudayev, Blagoveщyenskiy, Bogdanov, Budixo, Zakutniy, Malishkin, Truxin kabi xoin generallar asosiy vazifani bajargan. Kiyev, Minsk, Leningrad, Vyazma hamda Demyansk qurshovlarida ulardan tashqari 71 nafar general qoʻl ostidagi jangchilari bilan nemislarga taslim boʻlgan. Ularning olti nafari asirlikdan qochib dushman bosib olgan hududlarda partizanlik harakatlariga rahbarlik qilganligi maqtovga loyiq. 26 nafari esa konsentratsion lagerlarda natsistlarning qiynoqlaridan halok boʻldi.
Natsistlar bosib olgan hududlar va Germaniyada 40dan ortiq konsentratsion lagerlarini tashkil etib, oʻzlari uchun ikkinchi darajali irq deb hisoblangan hamda urushda asirga tushgan sovet jangchilarini koʻz koʻrib quloq eshitmagan qiynoqlarga solgan. Xoin va jangda magʻlubiyatga uchragan generallarning aybi bilan yuz minglab oʻzbekistonlik jangchilar fashistlar asos solgan Buxenvald, Sobibor, Osvensum, Amersfort, Varshava, Zaksenxauzen lagerlarida koʻz koʻrib quloq eshitmagan qiynoqlarga solingan. Avvaliga asirga olingan osiyolik asirlarga natsistlar bilan hamkorlik qilish tavsiya etilgan. Ammo konsentratsion lagerlarda saqlangan 80 foizdan ortiq oʻzbek jangchisi xoinlikdan koʻra oʻlimni afzal bilishgan. Hamkorlik qilishga rozi boʻlganlar esa nemislar tomonidan tashkil etilgan Turkiston legioni batalyoni tarkibida jangga kirib, keyinchalik sovet armiyasi safiga qoʻshilishga muvaffaq boʻlgan.
Konsentratsion lagerlardagi natsistlarning qiynoqlari minglab hamyurtlarimizning irodasini buka olmadi. Fashizmga qarshi kurashning barcha frontlarida boʻlganidek, ular tutqinlikda ham natsistlar tuzumiga qarshi kurashda faol ishtirok etishdi. Ana shunday kurashlarda ortga chekinmagan mard oʻzbek oʻgʻlonlari bosqinchilar okkupatsiya qilgan Belarus, Ukraina, Boltiqboʻyi, Moldova, Polsha va Yevropaning boshqa hududlarida partizanlik harakatlarida ishtirok etganligi bilan tarixdan joy oldi. 75 nafar oʻzbek jangchisi “Vatan urushi partizani” 1 va 2-darajali medali bilan taqdirlandi. Insoniyat boshiga ogʻir kunlarni solgan fashizm balosiga qarshi mardonavor kurashgan mingdan ortiq oʻzbekistonlik jangchilar dushman bilan boʻlgan kurashda yorqin qahramonliklar koʻrsatib, buyuk gʻalabaga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshganlar.
Partizanlik harakatini olib borgan oʻzbek qahramonlari sifatida Mamadali Topvoldiyev (laqabi “Kazbek”), Jonibek Otaboyev (laqabi “Qasoskor”), Oxunjon Qahhorov, Abduhamid Saydaliyev, Odamboy Muratov, Nigʻmon Rajabov, Sayfulla Nurullayev, Uksanboy Xolmatov, Qulmat Mamdaliyev, Mamatxon Jalilov, Ahmad Mamajonov, Turgʻun Qoʻchqorov, Sharif Samadov, Omon Berdiyev, Ali Isayev, Qalandar Qurbonov, Abdulla Isaxonov, Hamza Qoʻziboyev, Bektosh Mirzayev, Said Musaxonov kabi minglab oʻzbek jangchilari Ukraina, Belarus, Leningraddagi partizanlik otryadlarida bosqinchilarga qarshi kurashda jonbozlik koʻrsatishgan.
Shuningdek, nemis konsentratsion lagerlaridan qochishga muvaffaq boʻlgan mard va jasur oʻzbek yigitlari Polsha, Yugoslaviya, Albaniya, Bolgariya Vengriya, Gretsiya, Italiya, Norvegiya, Ruminiya, Fransiya, Chexoslovakiya xalq ozodlik armiyalari saflarida turli millat vakillari bilan birgalikda dushman kuchlariga yetarlicha talafotlar yetkazishda ishtirok etishdi. Ayniqsa oʻzbekistonlik Murot Oʻrolov tomonidan koʻrsatilgan jasorat har qanday tahsinga loyiq. U 229-oʻqchi diviziyasida vzvod komandiri sifatida 1942-yil 15 kuni Xarkov ostonasidagi janglarda asirga olingan. Nemislar tomonidan tashkil etilgan Turkiston legioni batalyonlaridan biri tarkibida 132 nafar jangchi bilan “BX” (“Batalyonы xlopske” – “Dehqonlar batalyoni”) deb nomlangan Polsha partizanlari tarkibiga qoʻshilgan holda fashist bosqinchilariga qaqshatgich zarbalar berishda tillarda doston boʻldi.
Olislardan eshitilgan xoʻrsiniq
1939-1945-yillar davomida boʻlib oʻtgan Ikkinchi jahon urushi paytida natsistlar insoniyat tarixida koʻz koʻrib quloq eshitmagan jinoyatlarni amalga oshirgan. Gʻalabadan keyin Nyurnbergda boʻlib oʻtgan xalqaro sudda bunday jinoyatlarga aloqasi bor boʻlgan barcha natsistlar rahbarlari tegishli tarzda jazolandi. Ammo ular tomonidan millionlab insonlarga yetkazilgan chuqur jarohat izlari yillar oʻtsa hamki qalblarni larzaga solib keladi. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, fashistlar konsentratsion lagerlarda asirlarni dahshatli qiynoqlarga solib azoblagan. Ular tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarni hech bir zamon odob va axloqi bilan oqlab boʻlmaydi. Ana shunday mudhish jinoyatlar bizning ota-bobolarimizga nisbatan ham qoʻllanilgani qalblarimizni cheksiz larzaga solib keladi.
1941-yil 10-iyul – 10-sentyabr. Smolensk uchun boʻlgan jang. Natsistlar Germaniyasining 37 ta diviziyadan tashkil topgan bir necha armiyalardan “Markaz” va “Shimol” guruhlari Sovet Ittifoqining 64 ta diviziyasini roppa-rosa ikki oy davomida magʻlubiyatga uchratdi. Sovet armiyasi ushbu janglarda 760 ming shaxsiy tarkibini yoʻqotdi. Frontlardagi strategik nazoratni qoʻldan chiqargan sovet armiyasining Kiyev hamda Vyazma yoʻnalishlaridagi qoʻshinlari qurshovga tushib qoldi. Bosqinchilar tomonidan oʻn minglab sovet jangchilari asirga olinib, Polsha, Germaniya va Gollandiyadagi konsentratsion lagerlarga yuborildi. Ularning bir qismi, yaʼni 101 nafar oʻzbekistonlik asir jangchi Amersfortga olib kelindi va rus tilini biladigan SS ofitseri tomonidan soʻroq qilindi. Ularning Oʻzbekistondan, aksariyati Samarqanddan ekanligi maʼlum boʻlgach natsistlar Oʻrta osiyolik asirlarni tinimsiz qiynoqlarga sola boshlashgan. Chunki oʻzini oliy irq vakillari deb sanagan fashistlar hamyurtlarimizga nisbatan ikkinchi darajali shaxslar sifatida muomala qilishgan.
Garchi nemis qoʻshinlari Smolensk yoʻnalishida katta muvaffaqiyatga erishgan boʻlsada, Gitlerning kuzga qadar Moskvani egallash rejalari barbod boʻlgandi. Shuning uchun Gitler qoʻshindagi jangovarlikni oshirish maqsadida sovet jangchilarini taxqirlovchi film olishga topshiriq beradi. Bu ishga masʼul boʻlgan reyxskansler Gebbels koʻrsatmasiga binoan, osiyolik asirlar ustida insonni taxqirlovchi turli xil sinovlar olib boriladi. Boshqa asirlardan farqli oʻlaroq oʻzbeklarga oziq-ovqat deyarli berilmaydi. Ularni usti ochiq inshootlarda saqlashadi. Gollandiyalik jurnalist Remko Reyding va 91 yoshli amersfortlik guvoh Xenk Brukxauzen keltirgan maʼlumotlarga koʻra ochlik va qiynoq azoblari, buning ustiga qish mavsumining sovuqli kunlaridan 24 nafar hamyurtimiz omon chiqmagan. Qolgan 77 nafar asir Gebbels koʻrsatmasini bajarmaganligi uchun 1942-yil otib tashlangan. Tasavvur qiling, endigina navqiron yoshda boʻlgan bu baxtiqaro yigitlarning olis Gollandiya oʻrmonlarida nom-nishonsiz oʻlim topishi qanchalik ayanchli. Oʻlimi oldidan tugʻilib oʻsgan yurtini koʻrish armon boʻlgan boʻz yigitlar. Jasadi oʻzga yurtlarda qolib ketishidan afsuslanib, ota-onasi, yaqinlari, sevgan yorlari siymosini koʻz oldiga keltirib gʻam chekkan, chuqur xoʻrsingan azamatlar...
Oradan yarim asrdan koʻproq vaqt oʻtib ularning olis Gollandiya oʻrmonlarida qolib ketgan xoʻrsiniq ovozlarini butun dunyo eshitdi. Bir necha yildan buyon ushbu ish yuzasidan izlanishlar olib borgan Remko Reyding avvaliga Rossiyada, keyin esa yurtimizda boʻldi. U Oʻzbekistonga kelganda oʻsha paytda golland asirlaridan biri oʻzbek jangchilaridan toʻqqiztasining rasmini chizgan va Qodirov Hotam va Muratov Zoir deb qayd etilgan inosnlarning yaqinlarini surishtirdi. Shuningdek, Reyding Amersfort konslageri muzeyida saqlanayotgan ikki nafar oʻzbek asiri tasvirlangan fotosurat boʻyicha ham joylarda surishtiruv ishlari bilan shugʻullandi.
Ha aytgancha, biz Samarqandda ijodiy safarda boʻlganimizda viloyat mudoffa ishlari boʻlimi xodimlari Hotam Qodirov Jomboy tumanidan ekanligini aytishdi. Shuningdek, Anvar Ergashev va uning rafiqasi Yuliya Medvedovskayaning “Bir yuz bir” romani chop etildi. Ushbu roman asosida Samarqanddagi “Sazagʻon” poligonida film suratga olinyapti. Remko Reyding olib borgan tadqiqotlar, va uning Rossiya hamda Oʻzbekistonga uyushtirgan safarlarining samarasi hozircha shu. Kelajakda Gitler va Gebbelsning rejalarini barbod qilgan 101 oʻzbek qahramonining taqdiri haqida yana koʻproq maʼlumotlar toʻplanishiga umid qilamiz. Buning uchun bizga Samarqand viloyati hokimligi, viloyat, tumanlar mudofaa ishlari boʻlimi xodimlari va Smolensk jangida qatnashgan diviziyalarning arxiv hujjatlarini sinchkovlik bilan oʻrganish yordam beradi. Nima boʻlgan taqdirda ham yurt ozodligi uchun kurashda oʻz jonini fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi oldida hamisha bosh egamiz. Zero yuqorida aytganimizdek, fashistlar rejasiga koʻra Oʻrta Osiyo Turkiston reyxskomissariatligiga aylanmadi. Bunga Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 1,5 million oʻzbek jangchisining har biri oʻzining munosib hissasini qoʻshdi.
Asror ROʻZIBOYEV,
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri.