Yurtimizda tibbiyot turizmi yanada rivojlanadi
Andijonda tibbiyot turizmini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy turizm assotsiatsiyasi hamkorligida Andijon farmatsevtika hududidagi “Farmapark” kompaniyasida o‘tkazilgan xalqaro amaliy anjuman ochilishida Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Mamajonov, respublika Tibbiy turizm assotsiatsiya raisi Akobir Shukurov so‘z olib, anjuman ishtirokchilarini qutladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda nafaqat tibbiyot tizimi, balki tibbiyot turizmi ham tobora rivojlanib borayotganligi ta’kidlandi.

Bir necha yillar avval, ko‘plab yurtdoshlarimiz Turkiya, Hindiston, Rossiya, Yevropa mamlakatlariga davolanish uchun borar edi. Bugungi kunga kelib, yurtimiz tibbiyoti rivojlandi, tibbiy xizmat sifati yuksaldi. Davolash, turli jarrohlik amaliyotlarini qo‘llashda ilg‘or uslublar tatbiq etildi, zamonaviy tibbiy apparatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida boshqa davlatlardan yurtimizning tibbiy muassasalariga kelib davolanuvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Jumladan, birgina o‘tgan 2024 yil davomida Andijon viloyatidagi xususiy tibbiy-davolash muassasalarida 4 ming nafarga yaqin chet el fuqarolari davolandi.

Mamlakatimiz tibbiy davolash muassasalari vakillari, xorijlik mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda tibbiyot turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.
Mutaxassislarning O‘zbekiston Respublikasi tibbiy turizm assotsiatsiyasi faoliyati, shuningdek, sohani rivojlantirishga oid, “Xonobodda sog‘liqni saqlash va dam olish turizmining istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan qator xususiy tibbiy muassasalar faoliyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Taqdimotda ana shu tibbiy muassasalar faoliyati, davolash imkoniyatlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Konferensiya davomida Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan mutaxassislar tomonidan Qirg‘izistondagi qator tibbiy muassasalar, ularning faoliyati va imkoniyatlari haqida ham ma’lumotlar berildi. Tibbiyot turizmini rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Qirg‘iziston Respublikasi vakillari bilan tibbiy turizm yo‘nalishida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng anjuman ishtirokchilari Andijondagi dori-darmon va tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Andijon viloyatidagi qator tibbiy muassasalar faoliyati, tibbiy turizm yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.
Ushbu anjuman mamlakatimizda tibbiyot turizmini rivojlantirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.