Yurtimizda Ramazon oyi shukuhi kezmoqda
Ayni kunlarda yurtimizda oylarning eng fazilatlisi, xayr va ezgulikka to‘la Ramazon shukuhi kezib yuribdi. Yurtdoshlarimiz, mo‘min-musulmon xalqimiz qalbiga surur va shodlik baxsh etmoqda. Fuqarolarimiz o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va inoqlik hissi yanada kuchaymoqda.
2024-yil 7-martda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezidentimiz qarori ham bu boradagi ishlarning izchil amalga oshishi uchun xizmat qilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, muqaddas islom dini ilm-ma’rifat, ham jismonan, ham ma’nan poklik dinidir. Yuqoridagi qarorda ham dinimizning bu jihatiga alohida e’tibor qaratilib, yurtimiz tinchligi, oilalarimiz totuvligida uning ajralmas o‘rni bor ekanligi qayd etilgan. Ixlosmand xalqimiz bu oyni xursandchilik bilan o‘tkazishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni bekam-u ko‘st yetkazishimiz lozimligiga urg‘u berilgan.

Darhaqiqat, ham diniy, ham dunyoviy ilmlarda bizning diyordan yetishib chiqqan zabardast ulamolarning qoldirgan ilmiy asarlari butunjahon ilm-u fani rivojiga asos bo‘lib xizmat qilgan, desak mubolag‘a emas. Birgina Imom Buxoriy hazratlarining hadis ilmida to‘plagan “Al-Jome as-sahih” asarlari islom shariatida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan ilohiy manba hisoblanadi. Ab-u Iso At Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Ab-u Mansur Moturudiy, Ab-u Lays Samarqandiy va ko‘plab boshqa ulamolarimizning bu yo‘ldagi xizmatlarini zikr qilsak arziydi.
Albatta, ularning asarlarida qalb pokligi, insoniy fazilatlarni jo aylab, zararli illatlardan yiroq bo‘lish borasida ko‘plab ma’naviy saboqlar keltirilgan. Ushbu asarlar mazmun-mohiyatini barcha yurtdoshlarimizga yetkazish, ularni xabardor qilish jamiyat farovonligi va ularning axloqiy saviyasini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, Ramazon xayr-u saxovat va ezgulik oyi hamdir. Bu oyda qilinadigan ehsonlarning ajr-u savobi ulkan bo‘lishi ilohiy manbalarda qayd etib o‘tilgan. Buni yodda tutgan xalqimiz doimo oliyjanoblik va saxovatpeshalik fazilatlarini o‘zida namoyon qilib, bemorlar, yetim-yesirlar hamda moddiy ko‘makka muhtoj kishilarga yordam qo‘lini cho‘zgan. Kirib kelgan joriy oyda ham qadriyatga aylangan ezgu an’analar davom ettirilib, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning qarorida ta’kidlangan yana bir jihat shundan iboratki, ajdodlarimizdan bizga meros qolgan tarixiy qadamjolar, ularning qabrlari joylashgan maqbara hamda ziyoratgohlarning obodligiga ham alohida e’tibor qaratishdir. Bu maskanlarda tozalik hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bizning zimmamizdagi ham qarz, ham farz bo‘lgan amallardandir. Ulug‘larimiz biror yerning obodligini bilmoqchi bo‘lsang, ularning bozorlari hamda mozorlarining holatiga boq, deyishgan. Darhaqiqat, mahalla va guzarlarimiz, qabriston va ko‘chalarimizni ozoda saqlamoqlik ushbu jamiyatda yashaydigan barcha kishilarning burchi bo‘lib, muborak Ramazon oyida bu ishlarda yanada faol bo‘lishlik talab etiladi.
Ushbu oyda Respublikamiz bo‘ylab O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi jome’ masjidlarda taroveh namozlarida Xatmul-Qur’onlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, viloyatimizda ham 56 ta masjidda taroveh namozlarida Qur’oni karim diniy idora tomonidan tayinlangan mohir Qur’on hofizlari tomonidan o‘qib berilmoqda. Ibodatlar so‘nggida yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz farovonligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun ko‘plab duoyi xayrlar qilinmoqda. Qarorda ham ushbu tadbirlarni jamoat tartibiga rioya qilgan holda tartibli o‘tkazish nazarda tutilgan. Shunga asosan, viloyatimizdagi barcha mas’ul, tegishli tashkilotlar bu tadbir va marosimlarni tinch-omon o‘tkazish, fuqarolar emin-erkin o‘z ibodatlarini ado etishlari uchun beminnat xizmat qilishmoqda.
Ramazon oyi barchamizga qutlug‘ bo‘lsin! Ushbu oyda barchamizning ezgu tilaklarimiz amalga oshib, ham jismonan, ham ruhan poklangan holda bu oyning ajr-u savoblaridan bahramand bo‘lish nasib aylasin!
Tohir Ro‘ziyev,
Navoiy viloyat bosh imom –xatibi.
O‘zA