Yurtimizda Ramazon hayiti namozi o‘qildi
Bugun, 30 mart – yakshanba kuni erta tongda yuz minglab yurtdoshlarimiz Ramazon hayiti namozini ado etish uchun o‘lkamizdagi ikki mingdan oshiq masjidlarga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston – islom madaniyati va an’analarini asrab-avaylaydigan mamlakatlardan biri. Shu bois ham yurtimizda hayit bayramlari, ayniqsa, Ramazon hayiti katta shodu-xurramlik va ezgulik bilan nishonlanadi.
Haq taologa behisob shukronalar bo‘lsinki, bu yilgi Ramazon oyi ham nihoyatda fayzli va barokatli, yaxshiliklarga boy o‘tdi. Ushbu qutlug‘ kunlarda insonlar bir-birlariga mehr ko‘rsatib, saxovatli ishlarga oshno bo‘lishdi. "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida yurtimizdagi 9 ming 500 ga yaqin mahallada kam ta’minlangan oilalarda iftorlik dasturxonlari yozilib, ularning holidan xabar olindi.
Prezident farmoniga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 488 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 268 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 86 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
[gallery-22581]
Mana shunday shukuhli damlarda "Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi va unga asosan Ramazon hayiti bayramini 30 mart kuni keng nishonlash belgilandi.
Bugun, 30 mart – yakshanba kuni erta tongda yuz minglab yurtdoshlarimiz Ramazon hayiti namozini ado etish uchun o‘lkamizdagi ikki mingdan oshiq masjidlarga tashrif buyurdi.
Ramazon hayiti ma’ruzasida insonlarga mehr ko‘rsatish, ularning o‘y-tashvishlarini o‘rganib, yaxshilik qilish g‘oyat savobli amal ekani ta’kidlandi. Xalqimizning saodatli turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga alohida urg‘u berildi.
Hayit namozi ado etilgach, Yaratgandan butun dunyoga tinchlik-xotirjamlik ato etishi, ibodatlarimizni O‘z dargohida qabul qilishi va ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon bo‘lishi yo‘lida duo-yu iltijolar qilindi.
Ramazon hayiti nafaqat bugungi quvonch, balki kelajakka bo‘lgan umid va ishonch bayramidir. Bu bayram odamlar qalbida saxovat, mehr-oqibat va ezgulik urug‘larini ekib, jamiyatimizning yanada uyg‘un va mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shunday ekan, ushbu ulug‘ kunlarda hayitning haqiqiy mohiyatini anglab, bir-birimizga mehribon bo‘lish, jamiyatimizga yaxshilik ulashish har birimizning burchimizdir.
Umidjon Qurbonov, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA