Yurtimizda ayollar tadbirkorligi qo‘llab-quvvatlanmoqda
Toshkentda “Wolt” kompaniyasi tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “BusinessUp Skill” ta’lim dasturi yakunlandi. Loyiha ishtirokchilariga boshqaruv, moliyaviy rejalashtirish va biznesni strategik rivojlantirish bo‘yicha eng muhim ko‘nikmalar berildi.
– Bitiruvchilar olgan bilimini amaliyotda ishonch bilan qo‘llayotganini ko‘rishdan manunmiz, – deydi tashkilotchi Nataliya Jaliashvili. – Bu kelajakka tikilgan sarmoya va biz yetakchi ayollar shakllanishiga hissa qo‘shganimizdan faxrlanamiz.

Kunduzgi dars va yuzma-yuz maslahatlashuvdan iborat o‘quv davomida tinglovchilarga moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, biznes jarayonini muvofiqlashtirish va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Olingan bilimni amalda qo‘llash va tajribani biznesga uzoq muddatli uyg‘unlashtirishga qaratilgan onlayn-kouching dasturning yakuniy bosqichi bo‘ldi.
– Endi ayol tadbirkorlar yangi chaqiriqlarni muvaffaqiyatli yengish, biznesni malakali boshqarish va rivojlanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradigan foydali vositalardan foydalana oladilar, – deydi xalqaro biznes-kouch Nino Eliashvili.

Tadbir qatnashchisi Diyora G‘aniyeva taassuroti bilan bo‘lisharkan, sifatli dastur va xalqaro tajribaga ega, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtira olgan yuqori malakali ma’ruzachilar mahoratini e’tirof etdi:
– Bunday tadbirlar dunyoqarashimizni kengaytirib, bizga kuchli rag‘bat beradi.
“Business Up Skill” dasturi ishbilarmon ayollarimizga madad bo‘lishi barobarida, yangi istiqbol eshiklarini ochib, ularning o‘zi biznesini rivojlantirish yo‘lidagi ishonchini oshiradi.
“SavvY” xalqaro biznes murabbiyi Maryam Koyavaning fikricha, ayollar tadbirkorligi har qanday jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Umuman, bunday tashabbuslar mustahkam, raqobatbardosh biznes muhitini shakllantiradi.
Aziza Alimova, O‘zA