Yurt koriga kamarbasta bojxonachilar
Bugun dunyo solnomasi COVID-19 pandemiyasining tarqalishi bilan bog‘liq yana bir yangi sahifa bilan to‘lib bormoqda.
Aynan shu murakkab sharoitdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 14 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yilgan edi. Yig‘ilishda Prezidentimiz aholi tomorqasidan unumli foydalanishi, bir yilda 2-3 marta hosil olish choralarini ko‘rishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Shunday ekan, ushbu ezgu maqsadga erishish uchun nima qilish kerak? Yeng shimarib, aql bilan ish yuritish, bebaho boylik sanalgan tomorqadan unumli foydalanish lozim. Zero, bugun “Olma pish, og‘zimga tush” qabilida kun kechiradigan zamon emas. Bir parcha yerimiz bo‘lsa ham, unga ko‘proq foyda keltiradigan, mo‘l va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur.

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ham bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan viloyat hududidagi yer maydonlaridan oqilona foydalanish maqsadida 30 gektar maydonga turli xil dukkakli mahsulotlar ekilib, yetishtirilgan hosil nes-nobud qilinmay yig‘ishtirib olindi. Ayni kunlarda esa 35 gektarlik ekin maydonining bir qismida yetishtirilgan sabzavot mahsulotlarining qolgan qismi yig‘ib olinayotgan bo‘lsa, 120 tonnaga yaqin sabzavotlar omborda saqlanmoqda.
– Joriy yil mobaynida navoiylik bojxonachilar tomonidan asalarichilik, parrandachilik, chorvachilik va poliz ekinlarini yetishtirish xo‘jaliklari ham tashkil etildi, – deydi boshqarma matbuot xizmati boshlig‘i Bektemur Inomov. – Albatta, bu kabi sa’y-xarakatlar faqatgina oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda yordam beribgina qolmay xududlardagi ishsiz yoshlar va aholini mavsumiy ish bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishdan olingan daromadning bir qismini “Temir daftar”ga kiritilgan oila vakillariga moddiy yordam sifatida tarqatishni maqsad qilganmiz.
Xalqimizda “Har kim ekkanini o‘radi”, “Yerni boqsang, yer seni boqadi” kabi hayotiy isbotini topgan naqllar bor. Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham og‘ir sinovli kunlarda xalqimizni arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni o‘zlarining vazifalari deb bilmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA