Yurakni madh etgan sado!
Madhiya – qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi mujassam unda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz ikki yilligi Namangan viloyatida bayramona ruhda nishonlanmoqda.
Viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Yurakni madh etgan sado!” shiori ostidagi tantanali tadbirda mehnat faxriylari, baynalmilal jangchilar, talaba-yoshlar, olimlar, shoir-yozuvchilar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari, ta’lim sohasi mutasaddilari, harbiylar, san’at va sport hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ sana bilan qutlab, mamlakatimiz madhiyasining millat ma’naviyati va birdamligini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
[gallery-20798]
Davlatimiz madhiyasining yaratilishi tarixi, shuningdek, 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita hisoblanadi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan.
Darhaqiqat, madhiya – milliy g‘ururimiz, istiqlolimiz va istiqbolimiz timsoli. Mustaqillik va birdamligimiz ramzi. Madhiyani tinglaganda ham, kuylaganda ham qalblarimizda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari yanada jo‘sh uradi, shu yurtning farzandi ekanimizdan iftixor tuyamiz.
Tantanali tadbirning barcha ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini jo‘r ovozda kuyladi.
Yosh ijrochilar, xonandalar va viloyat teatri san’atkorlari ijrosidagi badiiy-musiqali dasturda vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA