Yuqori hosildorlikka erishish yuzasidan yoshlar fikri tinglandi
Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida “Yoshlar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda institut direktori A.Mansurov yosh izlanuvchilar, tayanch doktorantlar va ilmiy xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini oshirish hamda agrar sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha fikr almashildi.
Tadbirning navbatdagi qismi ilmiy-ma’rifiy muloqot shaklida tashkil etildi. Unda qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning markaziy nashrlarda chop etilgan maqolalari yuzasidan batafsil muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, “Qishloq hayoti” gazetasida e’lon qilingan “Yaxshi urug‘ – aqlli kompyuter, ya’ni "HARDWARE", to‘g‘ri agrotexnika – uni ishlatadigan "SOFTWARE" nomli maqola institutning ilmiy kadrlarni tayyorlash bo‘limi mutaxassisi A.Normatov tomonidan keng sharhlab berildi. Ta’kidlanganidek, yuqori hosildorlikka erishish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik salohiyatidan to‘liq foydalanish va raqobatbardosh mahsulot yetishtirishda sifatli urug‘lik hamda zamonaviy agrotexnologiyalar uyg‘unligi hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan “2050-yil dasturxoni: Insoniyatni kim va qanday boqadi?”, “Olimlar yaratayotgan ilmiy mahsulot nega bozorini topa olmayapti?” hamda “Quyidan – ilm cho‘qqisiga: innovatsiyaning yangi zanjiri yoxud grant, olim, xonadon, fermer va bozorni birlashtiradigan tizim haqida” nomli maqolalar ham yosh olimlar va institut jamoasi tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinmoqda.

Mazkur maqolalarda global oziq-ovqat xavfsizligi, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishga joriy etish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi. Muhokamalar jarayonida yosh tadqiqotchilar o‘z fikr va mulohazalari bilan faol ishtirok etib, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish va agrar tarmoq samaradorligini oshirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA