"Yulduzli marjonlar" yaratgan shoir
Kamtarin shoir va jurnalist Temur Ubaydullo olamdan o‘tdi. Holbuki, uning she’rlari, dostonlari, esselari, kitoblari elimiz nazariga tushgandi. She’rlari rus tiliga o‘girilib, bir qancha ruscha kitoblari ham chiqqandi.
Gazetalarda chiqqan dolzarb mavzulardagi maqolalari qiziqish bilan o‘qilardi va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgandi. Lekin u hech qachon ijodiga aytilgan maqtovlardan, berilgan mukofotlardan havolanib ketmasdi, aksincha kamtarligi kamol topardi.
U Keles shahriga yaqin qishloqda dunyoga keldi. Bolaligidan suyagi mehnatda qotdi, otasining yoniga kirib, bog‘dorchilik ishlariga qarashdi. O‘quvchilik yillaridayoq qalbida she’riyatga ishtiyoq uyg‘ondi. Taniqli shoir Xayriddin Saloh to‘garagiga qatnab, she’r yozish sirlarini o‘rgandi (keyinchalik u ustozi xotirasiga bag‘ishlangan “Nafis she’r sohibi” kitobi chiqishiga bosh-qosh bo‘ldi). She’r va maqolalari matbuot sahifalarida e’lon qilindi. Maktabni tugatgach, Toshkent Davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Jurnalistik faoliyatini nufuzli o‘quvchilar gazetasida boshladi. Ijodiy tajribasi oshgach, jurnal, nashriyot, gazetalarda muharrir, bo‘lim mudiri lavozimlarida ishladi. Lekin Temur Ubaydullayevning “Toshkent oqshomi” gazetasiga ishga kelishi uning jurnalistik kamolotiga qanot bergandi. Ayniqsa, “Bir asar tarixi” rukni ostida berilgan maqolalari, to‘g‘riroq aytganda, tadqiqotlari barchaning e’tiborini qozondi. Keyinchalik shu rukn ostida chiqqan maqolalarini to‘plab, “Yulduzli marjonlar” nomi bilan kitob holida chop ettirdi. Bu kitob qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Tajribali jurnalistni “Nuroniy” gazetasiga bosh muharrir lavozimiga taklif etishdi. Aynan shu gazetada uning rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyatlari ham namoyon bo‘ldi.
Esimda, “Mening Dog‘istonim”ning birinchi va ikkinchi kitoblari yaxlit holda nashrdan chiqqan kezlar. Biror haftalar o‘tgach, Temur aka bilan uchrashib qoldik (ko‘pincha “Nuroniy” gazetasi tahririyati yonidan o‘tardim). U asar tarjimasi bo‘yicha suhbat qurish taklifini aytdilar. Avvaliga ishonmadim. Katta va tajribali jurnalistning o‘zidan yosh ijodkor bilan suhbat qurishiga ishonish qiyinda. Bir necha kundan keyin uchrashganimizda Temur aka taxminiy savollar yozilgan varaqni qo‘limga tutqazdi va javob yozishimni so‘radilar. Men javob yozishga kirishdim. Savol-javoblar yozilgan varaqlarni Temur aka huzuriga olib bordim. U javoblarni diqqat bilan o‘qib chiqdilar, qo‘shimcha savollar berib, yozganlarimni tahrir qildilar. Yana bir necha savol berib, javoblarimga qog‘ozga yozib qo‘ydilar. Keyin “Mening Dog‘istonim” asari haqida yozganlarini o‘qish uchun uzatdilar. Yosh bo‘lganim uchun suhbatning qoralama matnini tayyorlashni zimmamga oldim. Temur aka suhbat matnini uzoq o‘qidilar, savol berib tuzatishlar kiritdilar, ko‘p gaplarni qayta yozdilar. Keyin matnni kompyuter teruvchisiga berib, tuzatishlarni kiritishni aytdilar. Suhbat tayyor bo‘ldi, hajmi katta bo‘lgani uchun “Suhbatdosh” gazetasiga berdik. Bu suhbat nashr etilganda, ikkimiz ham xursand bo‘ldik. Chunki u “Mening Dog‘istonim” asariga va uning tarjimasiga matbuotimizda bildirilgan birinchi nurli munosabat edi.
Keyinchalik u “Nuroniy” gazetasida Rasul og‘aning “Onalarni asrang” dostonidan qilgan tarjimamdan katta parcha berdilar. Bu bilan qanoatlanmasdan doston haqida maqola yozib berishimni so‘radi va unga ham gazeta sahifasidan joy ajratdi. Bu gaplarni Temur aka Rasul og‘a ijodini e’zozlashini ta’kidlash uchun yozyapman. Baribir, “Rasul Hamzatovning umr kitobi” suhbati hamon yuragim to‘rida.
Shu suhbat haqida o‘ylar ekanman, o‘z-o‘zimga savol beraman: “Temur akaga hayot vafo qilganida hozir qanday maqola yozgan bo‘lardilar?» Imonim komil, u Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab, o‘zi e’zozlagan shoir ijodi haqida ajoyib maqola yozardilar. Afsus, u shunday maqola yozishni Rasul og‘aning biz kabi muxlislariga meros qoldirdi.
Asror Mo‘min