Yuksak faxr va iftixor namunasi
Sport – inson salomatligini mustahkamlovchi, uni har tomonlama chiniqtirib, jismoniy imkoniyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim omillardan biri.
Harbiy xizmatchilar uchun esa sport jangovar xizmat vazifalarini samarali bajarishga ko‘maklashuvchi, mustahkam iroda, yengilmas kuch-qudrat va sabot manbai hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ham sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash bilan birga, ko‘plab sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelayotganlari sababli, mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

Xususan, joriy yilda Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l shahrida sportning “Universal jang” turi bo‘yicha Osiyoning 6 ta davlatidan jami 360 nafardan ortiq sportchilar o‘zaro bellashgan “Osiyo kubogi” bahslarida ham O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari munosib ishtirok etdi.

Musobaqalar davomida sportchilarimizning yuksak iqtidori va mahorati, murabbiylari bilan birga o‘tkazgan tinimsiz mashqlari o‘z so‘zini aytib, III darajali serjant S. Xolmatova 57 kg vazn toifasida har ikkala “klassik” va “layt” yo‘nalishlarida ham chempionlik shohsupasidan joy oldi. Kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar M. Qayumov 90 kg, X. Lolayev 85 kg va S. Mahmudov 70 kg vazn toifasida “layt” yo‘nalishida oltin medal bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi shundaki, mazkur musobaqada tajribali sportchilardan tashkil topgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bunday yuqori natijaga faqat tinimsiz mehnat va mashqlar yordamida erishish mumkin. Chunki, boshqa davlatlar vakillari ham juda kuchli bo‘lgani uchun musobaqalar nihoyatda shiddatli kechdi. Finalda raqiblarimni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da yengib, “klassik” va “layt” yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Birinchi bo‘lib onamga qo‘ng‘iroq qildim va g‘alaba qozonganimni aytdim. Davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida esa qalbimdan kechgan hislarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bugun biz sportchilarga yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlardan unumli foydalanib, janglarda yuqori natijalarga erishishga va hamisha zafar quchib qaytishga va’da beramiz, – deydi III darajali serjant Sabohat Xolmatova.

Albatta, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgan bunday mahoratli sportchilarimizning erishayotgan yutuqlari ularning ota-onalari hamda yaqinlari qatorida barchamizga yuksak faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Mayor Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari