Yozuvchi va shoirlar “Saxovat uyi”da
Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironlar internat uyida shoir, yozuvchilar bilan adabiy uchrashuv hamda kitobxonlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda muassasada yashayotgan otaxon va onaxonlar, muassasa xodimlari, viloyatda ijod qilayotgan bir guruh shoir, yozuvchi hamda san’atkorlar ishtirok etdi.
Adabiyot, ijod va kitobxonlik haqida dildan suhbat bo‘ldi. Bugun inson qadrini ulug‘lash davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylangan. Buni birgina Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan internat uyida olib borilayotgan ishlar, bu yerda yashayotgan insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik misolida ham ko‘rish mumkin.
Ayni kunda 93 nafar keksa va nogiron inson yashayotgan “Saxovat” uyida ularning yashashi, salomatligini saqlash uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, muassasada o‘tkazilayotgan madaniy, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ana shu insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, hayotlarini yanada mazmunli o‘tkazishlariga xizmat qilmoqda.
[gallery-9477]
– Nafaqat Andijon shahar “Saxovat” internat uyida, balki Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar, Chuvama “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uylarida kitobxonlik, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishni belgilab olganmiz, – deydi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshidabonu Qo‘chqorova. – Tadbirlarimiz jismoniy imkoniyati cheklangan, ko‘ngli o‘ksik, mehrga muhtoj ana shu insonlar qalbiga oz bo‘lsa-da quvonch, xursandchilik, xush kayfiyat ulashadi.
Tadbirda yozuvchi hamda shoirlar kitobning inson kamoloti, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati, kitobxonlik madaniyati, o‘zbek adiblarining o‘lmas asarlari xususida so‘z yuritgan bo‘lsa, otaxon va onaxonlar o‘zlari o‘qigan kitoblar, olgan taassurotlari haqida gapirdi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, muassasa axborot-kutubxona maskani otaxon, onaxonlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Ularning ko‘pchiligi kutubxonaning doimiy a’zosi hisoblanadi. Joriy yilning o‘zida kutubxonaga 15 juft stol-stul, 12 ta kitob javoni, 16 million so‘mlik yangi kitoblar sotib olindi. Uchrashuvda she’riyatga qiziqqan nuroniylar she’rlar o‘qidi, faol qatnashchilarga kitoblar sovg‘a qilindi. She’rxonlik kuy-qo‘shiq va raqslarga ulanib ketdi.
– Adabiyotga juda qiziqaman, ishdan bo‘sh paytlarimda men ham ijod qilaman, – deydi muassasa xodimasi Muhayyo Ismoilova. – Bu yerda yashayotgan otaxon va onaxonlarning ko‘pchiligi ko‘p vaqtini kitob o‘qish bilan o‘tkazadi. Shu bois ham ular bilan o‘qigan kitoblari haqida fikrlashaman, bundan ularning ko‘ngli ko‘tariladi. bugungi qiziqarli, samimiy uchrashuv ularda unutilmas taassurotlar qoldirgani aniq. Yakunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan “Saxovat” uyi kutubxonasiga 60 ga yaqin badiiy kitoblar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA