Yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
Milliy olimpiya qo‘mitasida yana 29 kundan so‘ng boshlanadigan "Aichi-Nagoya-2026" yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, mutaxassislar, yetakchi ekspertlar ishtirok etgan yig‘ilishda bo‘lajak yirik kompleks musobaqaga, shuningdek, “Prezident olimpiadasi”ning final bosqichiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘z bordi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasining “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki, sportchilarning tayyorgarlik holati va musobaqadagi imkoniyatlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, delegatsiyamiz qatnashayotgan sport turlari hamda ularning imkoniyatlari har bir atlet kesimida tahlil qilindi. Mas’ullarga musobaqada munosib ishtirok etish, barcha sport turida maksimal natija uchun kurashish vazifasi belgilandi.
Mazkur yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” o‘yinlarining uchinchi bosqichi hisoblangan “Prezident olimpiadasi” final musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, dasturga kiritilgan sport turlari, bellashuvlar o‘tkaziladigan inshootlar, mehmonlarni joylashtirish hamda tashkiliy ishlar bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida har ikki yirik sport tadbiriga tayyorgarlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA