Yotoqxona — talaba uchun shunchaki yashash joyi emas
Talabalik — inson hayotidagi eng unutilmas davrlardan biri. Yangi shahar, yangi muhit, mustaqil hayot va katta maqsadlar…
Ayniqsa, oilasidan uzoqda tahsil olayotgan yoshlar uchun talabalar yotoqxonasi ikkinchi uyga aylanadi. Bugun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘plab yoshlar uchun yotoqxona masalasi alohida ahamiyatga ega. Chunki talaba qayerda va qanday sharoitda yashashi uning nafaqat kundalik hayoti, balki o‘qishi, dam olishi va ijtimoiy faolligiga ham ta’sir qiladi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda talabalarni turar joylari bilan qamrab olish darajasi sezilarli oshgan. Xususan, 2017-yilda 28 foizni tashkil etgan ko‘rsatkich 2026-yilga kelib 58 foizga yetkazilgan. Bugungi kunda davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 394 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularda 160 985 nafardan ortiq talabani joylashtirish imkoniyati bor. Yangi o‘quv yili arafasida esa yana 17 ta oliy ta’lim tashkilotida 8 ming 332 o‘ringa mo‘ljallangan yangi talabalar turar joylari foydalanishga topshirilmoqda. Bu esa minglab yoshlar uchun o‘qish joyiga yaqin, qulay va nisbatan arzon yashash imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Biroq barcha talabalarni bir vaqtning o‘zida yotoqxona bilan ta’minlash imkoni bo‘lmagan holatlarda muqobil yechimlar ham qo‘llanilmoqda. Jumladan, yotoqxona bilan ta’minlanmagan talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish hamda ijara to‘lovining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda talabalarga amaliy ko‘mak berish maqsadida 169 ta ko‘maklashish markazi va 767 nafar volontyor faoliyat olib bormoqda. Ular talabalarga ijara uy-joylarini topish, joylashish va tegishli masalalarni hal etishda yordam ko‘rsatmoqda.
Aslida, yotoqxona talaba uchun shunchaki yashash joyi emas. Bu yangi shaharda mustaqil hayot boshlash, yangi do‘stlar orttirish, o‘qish va dam olish uchun sharoit yaratiladigan muhim muhitdir. Shu bois talabalarni turar joy bilan ta’minlash darajasining oshishi yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning muhim qismidir. Yangi o‘quv yilida minglab talabalar uchun yangi yotoqxonalar eshigi ochilishi esa ularning “Qayerda yashayman?” degan savolidan ko‘ra, “Qanday o‘qiyman va qanday natijaga erishaman?” degan muhim maqsadlarga ko‘proq e’tibor qaratishiga imkoniyat yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA