Yoshlarning kasb-koriga qarab subsidiyalar ajratilmoqda
Boyovut tumani Sirdaryo viloyatidagi hududi hamda axoli soni jihatdan eng yirik tumanlardan biri.
Ushbu hududda 39 mahalla, 21 491 xonadon va 31 286 oila istiqomat qilmoqda. Aholi soni 131 ming 600 nafarni tashkil etib, ularning 21 131 nafari yoshlardir.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Boyovut tumani Davlat soliq qo‘mitasiga biriktirilib, shtab tashkil etilgan.
“Yoshlar daftari”dagi ehtiyojmand va ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, hozirgi kunga qadar 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar xatlovdan o‘tkazilgan. Ularning 2784 nafari “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilib, 2698 nafarining bandligi ta’minlandi.
Turli sohalarda hunar va bilimga ega bo‘lgan, daromad topishga qodir, mahoratli, ishchan, ammo moddiy ko‘makka ehtiyoji bor fuqarolarga ularning kasbiy salohiyati e’tiborga olinib, “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilmoqda.
Ayni damda ularning 69 nafariga turli yo‘nalishlarda – go‘zallik saloni, sartaroshlik uchun zarur bo‘lgan jihozlar, pazandachilik uchun zarur bo‘lgan sovutkich, elektr pechi, aralashtirgich (mikser) vositalari, tikuv mashinalari, motokultivatorlar, inkubatorlar, kesish qurilmasi (bolgarka), burg‘ulash asbobi (drel), payvandlash uskunasi (svarka) va boshqa ustachilik asboblari berildi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda.



Shuhrat Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA