Yoshlarning 30 nafari o‘zini-o‘zi band qildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga o‘z mehnat faoliyatini boshlashlari uchun asbob-uskuna, mehnat qurollari, tikuv mashinalari berilib, ularning bandligi ta’minlandi.
Kogonlik 30 nafar “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yoshlarga, o‘zlarini tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va o‘z bandligini ta’minlash maqsadida 18 ta zamonaviy tikuv mashinalari jamlanmasi, 1 ta sartaroshlik jihozlari, 7 ta payvandlash uskunasi jamlanmasi hamda 3 ta o‘t o‘ruvchi moslama topshirildi.

– Asbob-uskunalar va mehnat qurollaridan samarali foydalanib faoliyatimizni yanada rivojlantiramiz, – deydi tumanning “Siyoz-poyon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sitora Ikromova. – Davlat rahbarining bergan e’tiboridan cheksiz minnatdormiz. Oilamizga qo‘shimcha daromad qilish uchun barcha imkoniyatni yaratib berishdi.
Yaratilgan imkoniyatdan yoshlarning 30 nafari o‘zini-o‘zi band qildi. Oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish manbasi yaratildi.

Zarif Komilov, O‘zA