Yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asraylik
Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazida Oliy Majlisning Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosidagi “Separatizm va mutaassiblik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish” loyihasi yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari va Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talaba-yoshlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, diniy konfessiyalar hamda turli din vakillariga yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida so‘z yuritilib, loyihaning axborot texnologiyalari rivojlangan jamiyatdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Globallashuv jarayonlarida yurtimizdagi tinchlik-to‘kinlik ham dinlararo bag‘rikenglik, bahamjihatlik va millatlararo totuvlik samarasi ekani haqida atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Karomiddin Jamahmatov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Nuriddin Jumayev, Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Kamol Islomov, Termiz davlat universiteti tarix fakulteti dekani Shuhrat Abdullayev va boshqalarning separatizm hamda mutaassiblik g‘oyalari, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish, separatizmning xavf-xatarlari kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar Imom Termiziy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi xodimlarining loyiha doirasida amalga oshirgan ishlari yakuni bilan tanishdi.
Loyiha ijrochilari o‘tgan bir yilda mamlakatimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida “Sog‘lom e’tiqod – barqarorlik garovi”, “Ekstremizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Soxta salafiylikning ekstremistik mohiyati”, “Internetdagi tahdidlardan ogoh bo‘ling!”, “Missionerlik – jamiyat barqarorligiga tahdid” va “Din niqobi”, “Yoshlar – yot g‘oyalarga qarshi” singari mavzularda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.
[gallery-20361]
Mutaassiblikka moyilligi bor, faol missionerlik holatlari kuzatilayotgan, diniy muhit o‘zgaruvchan bo‘lgan hududlarda joylashgan mahalla va maktablarda yoshlarni milliy-ma’naviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun “Ekstremizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Soxta salafiylikning ekstremistik mohiyati”, “Internetdagi tahdidlardan ogoh bo‘ling!”, “Missionerlik – jamiyat barqarorligiga tahdid” va “Din niqobidagi tahdidlardan ehtiyot bo‘ling!” kabi mavzularda tayyorlangan bukletlar tarqatildi.
– Bularning barchasi ekstremizm, separatizm hamda mutaassiblik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarishga, jamiyatda tinchlik, totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgani ahamiyatlidir, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy -tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Karomiddin Jamahmatov. – Bu boradagi ma’rifiy-tarbiyaviy ishlarni samarali olib borish maqsadida “Sog‘lom e’tiqod – barqarorlik garovi” va “Internet madaniyatining 10 qoidasi”ga bag‘ishlangan ikkita risola tayyorlab, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasi xulosasi asosida chop etildi.
Millatlararo totuvlik, hamjihatlik va diniy bag‘rikenglik masalalari, ekstremistik hamda missionerlik tashkilotlari tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalarni fosh etishga bag‘ishlangan 150 dan ortiq video, audio va matn shaklidagi material tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi faoliyati va loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi videorolik namoyish etildi. “Sog‘lom e’tiqod – barqarorlik garovi” va “Internet madaniyatining 10 qoidasi” kitoblarining taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri