Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash e’tiborda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.
Topshiriq ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati yoshlar ishlari agentligida tashkil etilgan shtabda viloyat yoshlarining muammo va takliflari o‘rganilib, ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.
Namunali deb tanlab olingan Termiz shahar hamda Oltinsoy tumanidagi jami 56 ming 953 nafar o‘g‘il-qizdan 46 ming 292 nafari bilan so‘rovnoma o‘tkazilib, ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Qolgan 10 ming 661 nafari esa yashash manzilida bo‘lmaganligi sababli so‘rovnomalar to‘ldirilmagan.
[gallery-989]
Xatlov yakunlariga ko‘ra, Termiz shahar hamda Oltinsoy tumanida 14 ming 809 nafar o‘g‘il-qiz rasmiy ishlaydigan, 14 ming 552 nafari bugungi kunda norasmiy mehnat faoliyati bilan band bo‘lganlarni tashkil etdi. 8 ming 84 nafari uy bekasi, 7 ming 523 nafar vaqtincha ishsiz, 1 ming 324 nafari 2020 yilda ta’lim muassasalarini tamomlab, hozirda ishsiz ekanligi aniqlandi. 18 ming 141 nafar yosh esa qurilish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish korxonalarida hamda tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik yo‘nalishlarida ishlash istagini bildirgan. 2 ming 988 nafar yoshlarning turli sohadagi muammolari aniqlandi.
O‘rganish natijalari asnosida yoshlarni ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, ish bilan band bo‘lmagan yoshlarni kasbga va tadbirkorlikka o‘qitish, ish bilan ta’minlash kabi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Suratlarda: 1,2,3,4,5,6-Surxondaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligida.
Jonibek QO‘ZIMURODOV, O‘zA