Yoshlarga kamarbasta bo‘lish – muhim vazifa
Prezidentimiz raisligida joriy yil 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida har bir hududdagi alohida e’tiborga muhtoj yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish va doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda respublika, viloyat, tuman rahbar kadrlarining mas’uliyati aniq belgilab berildi. Ishsiz, kam daromadli, nogironligi bo‘lgan, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlarga kamarbasta bo‘lish – umummilliy maqsad, muqaddas burch sifatida e’tirof etildi. Bunday yoshlarning har biriga rahbar kadrlar mas’ul sifatida biriktirildi. Ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” da ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Yoshlar bilan ishlashni yangilanayotgan tizimi bo‘yicha videoselektor shaklida amaliy seminar o‘tkazildi.
Natijada, viloyatda istiqomat qilayotgan 1847 nafar yoshlar 51 nafar rahbar kadrga biriktirildi. O‘z navbatida, tuman va shaharlardagi mansabdorni ham qo‘shganda, 405 nafar rahbarga 18 ming 667 nafar yosh biriktirildi. Bu yangi tartibning joriy qilinishidan ko‘zlangan maqsad aniq. U ham bo‘lsa, yoshlar davlatning quch-qudrati, Prezident siyosatini to‘liq his qilishiga erishishdir. Xususan, Chirchiq shahrida biriktirilgan yoshlar va ularning ota-onalari bilan ularning uylariga borib, birgalikda farzandlari kelajakda o‘z o‘rnini topishi uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda maydonga yana yangi avlod, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mamlakatimizning oltin fondi bo‘lgan yoshlar kirib kelmoqda. Bu yoshlar mutlaqo boshqa dunyo, axborot asrining farzandi. Ularning taklif va tashabbuslari ham tezkor asrimizning yugurik tashvishlariga hamohang. Kasblar boshqa, orzular miqyosi, mohiyati boshqa. Asosiysi, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi. Rahbarlarning vazifasi esa bu yo‘lda yelka tutish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, qoqilgan bo‘lsa, tirgak bo‘lishdan iboratdir. Ko‘rsatilayotgan yordamlar, amaliy tavsiyalar, albatta, yoshlarga oid qonunchilikda mavjud mexanizmlar doirasida amalga oshirilyapti.
E’tibor bering, oliy darajadagi muayyan hujjat qabul qilinib, ijroga qaratilganda – bir yaxshi niyat, davlatning orzu-umidi bir nihol kabi yuraklarimizda unib, barq urmas ekan natija bo‘lmaydi. Bugun O‘zbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida yoshlarga oid qonunchilikning ijrosi borasida barcha rahbarlar o‘zini mas’ul va daxldor hisoblab, qat’iylik, kuch-g‘ayrat bilan ertamiz egalarini tarbiya qilmoqda, har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.
Miraziz Mirsultonov,
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA