Yoshlar yetakchisi mahkumlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Temurbek Poyonov Zangiota tumanidagi tarbiya koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan uchrashdi.
Suhbatda mahkumlarning takliflari o‘rganildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi memorandumiga asosan jazo muddatini o‘tab, hozir qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ishonchi komil 23 nafar mahkumning kafillik asosida jazo turini yengillashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Bunda oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan 3 nafar mahkumning kontrakt pullari 50 foizgacha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan to‘lab berilishi tushuntirildi. Shundan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda mahkumlar tomonidan sahnalashtirilgan buyuk jadid bobolarimiz siymosini o‘zida gavdalantirgan “Turkiston jadidlari” nomli sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
Sportning stol tennisi, tosh ko‘tarish, turnikka tortilish kabi turlari bo‘yicha musobaqalar ham uyushtirildi. Yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri